O‘zbekiston – Rossiya parlamentlararo komissiyaning o‘n birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi
Xorazm viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiyaning o‘n birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Komissiya yig‘ilishini Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda Federatsiya Kengashining fan, ta’lim va madaniyat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari I.Umaxanov olib bordi. Unda parlamentlararo munosabatlarning bugungi holati va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi, yuqori texnologiyalar hamda kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
[gallery-29639]
Tadbirda qayd etilganidek, ikki davlat o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda va yaqin istiqbolda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda parlamentlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Xususan, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish, investorlar huquqlarini himoya qilish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish hamda tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ta’lim, ilm-fan, madaniyat, turizm, yoshlar almashinuvi va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlaridagi gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat o‘rtasida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturi amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Hududlararo hamkorlik amaliy hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida baholandi. Parlamentlar qardosh hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy boshqaruv bo‘yicha tajriba almashinuviga ko‘maklashishi muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar parlamentlararo muloqotni fuqarolar va biznes vakillarini qiynayotgan masalalarni tezkor hal etish, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda erishilgan kelishuvlar ijrosini samarali nazorat qilishning muhim mexanizmi sifatida baholadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbirlari