Maktab ostonasidan katta hayot sari
Namangan viloyatidagi umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari “Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Jumladan, Namangan shahridagi 1-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktabida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbir avvalida O‘zbekiston Prezidentining mamlakatimiz maktablarining bitiruvchi o‘g‘il-qizlariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Tadbirda qatnashgan Namangan viloyati prokurorining o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi Sanjarbek Ismoilov, Namangan shahridagi “ANAMED” tibbiyot markazi rahbari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, O’zLiDeP faoli Nosirbek Abdullaxonov ustoz-muallimlar, ota-onalar, o‘quvchi-yoshlarni o‘quv yilini muvaffaqiyatli natijalar bilan yakunlangani bilan muborakbod etishdi.
Yakuniga yetgan 2025/2026 o‘quv yilida fidoyilik bilan mehnat qilgan bir qator tajribali pedagoglar, namunali xulqi va a’lo baholarga o‘qigan, fan olimpiadalari va turli tanlovlarda g‘olib chiqqan iqtidorli o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari Namangan shahar hokimligi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Namangan viloyat kengashi tomonidan munosib ravishda taqdirlandilar.
Darhaqiqat, xalq ta’limi a’lochisi Sherzodbek Sodiqov boshchiligidagi maktabning 137 kishilik pedagogik jamoasi 3 ming 634 nafar o‘quvchi bilan o‘quv yilida salmoqli natijalarni qo‘lga kiritdi. Bilimgohni tugatayotgan 131 bitiruvchining 37 nafari muddatidan avval oliy ta’lim muassasalarining talabasi bo‘lish baxtiga erishdi.
– Maktabda o‘tgan o‘n bir yil hayotimda unutilmas onlarga boy bo‘ldi. Biz shogirdlariga mehr ko‘rsatgan, bor bilimini bergan ustoz muallimlarimdan behad minnatdormiz. Kamina Bilim va malakalarni baholash agentligi sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan holda kimyo, biologiya, matematika, tarix fanlari bo‘yicha milliy sertifikatga ega bo‘ldim, – deydi 11-sinf bitiruvchisi Farhodjon Ergashev. –Buning natijasida Toshkent davlat tibbiyot akademiyasiga muddatidan avval imtiyozli qabul qilindim. Kelgusida yetuk shifokor bo‘lib, xalqimiz salomatligini mustahkamlash yo‘lida sidqidildan ishlamoqchiman.
Ilm maskanida yuqori sinf o‘quvchilarini bir vaqtning o‘zida xorijiy tillar va o‘zlari qiziqqqan kasb-hunarga o‘rgatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 28-oktabrdagi “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosidan kelib chiqqan holda 9-sinfda tahsil olayotgan 350 dan ziyod o‘quvchilarni xorijiy tillarga o‘qitish bilan bir qatorda viloyatdagi yetakchi ishlab chiqarish korxonalarida chevarchilik, payvandchilik, duradgorlik, zargarlik, kashtachilik, qandolatchilik singari o‘ndan ortiq kasbu kor borasida amaliy ko‘nikmalari shakllantirildi. Yangi o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining 50 foizini kasb-hunar ta’limi muassasalariga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
[25.05.2026 18:14] Shawkat Tokhirov 🇺🇿: Tantanali marosim yakunida bitiruvchi o‘g‘il-qizlari maktabdan katta hayot sari dadil qadam tashlab, Vatanimiz rivoji uchun munosib mutaxassislar sifatida shakllanishga chaqirildi.
Ta’kidlash joizki, nihoyalangan 2025-2026 o‘quv yilida Namangan viloyatida umumta’lim maktablarining 11-sinfini 39 ming 981 o‘quvchi bitirib, mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqda. Bitiruvchilardan 725 nafari oltin, 150 nafari esa, kumush medallar sohibiga aylandi.
2017-2025-yillarda viloyatda investitsiya dasturi doirasida jami 408 ta’lim muassasasida 26 ta yangi maktab binosini qurish, 233 ta maktab binosini rekonstruksiya qilish, 149 ta maktab binosini mukammal ta’mirlash ishlari bajarilib, bu maqsadlar uchun byudjetdan 1 trillion 707 milliard 816 million 800 ming so‘m mablag‘ sarflandi. Buning natijasida qo‘shimcha 71 ming 914 o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Joriy yilning o‘zida 38 ta ta’lim muassasasi dasturga kiritilib, bitta yangi ixtisoslashgan maktab quriladi, 22 ta maktab rekonstruksiya, to‘rttasi mukammal ta’mirlanadi va 11 ta maktabgacha ta’lim muassasasini rekonstruksiya qilish uchun jami 265 milliard so‘m ajratilgan. 27 ta maktabning ishga tushirilishi hisobiga, uchta yangi sport zali qurilib, quvvati 10 020 o‘rinli zamonaviy yangi o‘quv binolari qurilishi hamda 7 ming 451 o‘rinli binolar mukammal ta’mirlanmoqda.
Ko‘rsatilayotgan g‘amxxo‘rliklar tufayli 3 ming 543 nafar xorijiy til o‘qituvchisi chet tilini bilish bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikat olgan bo‘lsa, 1 ming 404 nafar bitiruvchi “IELTS” hamda
2028 nafar bitiruvchi milliy sertifikatga loyiq ko‘rildi. Hozir bitiruvchilarning 10,1 foizi yoki 4052 nafari muddatidan avval xorijiy va yurtimizning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.
Namanganlik o‘quvchilar so‘nggi uch yil mobaynida Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Eng yaxshi xorijiy til maktabi” tanlovida faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Jumladan, 2025-2026 o‘quv yilida Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktab o‘quvchilari respublikada faxrli birinchi o‘rinni egallab, 850 million so‘m va Angliya davlatiga bir haftalik bepul sayohatni qo‘lga kiritishdi. “Jadidlar izidan” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida Chortoq tumanidagi 1-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Abdulaziz Sobirov g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Germaniyaga ta’lim sayohatiga borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yaqinda esa, dunyo yoshlarini birlashtirgan Ibn Sino xalqaro biologiya olimpiadasi (“AIBO”) Namangan shahrida o‘tkazilib, unda Uychi tumani ixtisoslashtirilgan maktabning 9-sinf o‘quvchisi Asala Asadullayeva “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasiga munosib ko‘rildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri