Kolumbiya zilziladan 10 milliard dollarga yaqin zarar ko‘rdi
Yaqinda Kolumbiyada yuz bergan kuchli zilzila mamlakat iqtisodiyotiga 30 trillion peso (9,6 milliard dollar) zarar yetkazgani aytilmoqda.
Ekspertlar o‘lkaning Choko, Vale-del-Kauka, Risaralda, Kindio hamda Kaldas hududlaridagi vaziyatni baholab, zararning 24,5 trillion pesosi (7,8 milliard dollar) turar joy va binolarga, 5,5 trillion pesosi (1,8 milliard dollar) esa infratuzilma ob’ektlariga to‘g‘ri kelishini aniqladi.
Mamlakat prezidenti Abelardo de la Esprielya Choko mintaqasidagi talafotlar miqdori boshqa viloyatlarga qaraganda mutanosib ravishda eng yuqori bo‘lgani sababli, ushbu hududni qayta tiklash uchun alohida kompleks reja kuchga kiritilishini ta’kidladi.
Oxirgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 289 kishi halok bo‘lgan, 4187 nafar fuqaro turli darajadagi jarohatlar olgan va yana 142 kishi bedarak yo‘qolgan. Shuningdek, 26 945 ta xonadon butunlay vayron bo‘lgan, 127 557 ta aholi uylariga turli darajada shikast yetgan.
Hozirda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish va qutqaruv ishlariga ko‘maklashish maqsadida AQSH va Ekvador davlatlaridan 138 nafar tajribali mutaxassislar Kolumbiyaga yetib kelgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA