Moskva Londonni Ukrainadagi mojaroni keskinlashtirishda aybladi
RF Birlashgan Qirollikni Ukrainadagi nizoni yanada keskinlashtirishda ayblamoqda. Bunga Britaniyada ishlab chiqarilgan dronlarning Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishda qo‘llangani sabab bo‘ldi. Moskva Londonni mojaroning bevosita sherigi sifatida ko‘rayotganini qayd etib, bunday harakatlar “oqibatsiz qolmasligi”dan ogohlantirdi.
Qirollik Mudofaa vazirligi bu bosimga qaramay, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashdan chekinmasligini urg‘uladi. London pozitsiyasi o‘zgarmagan: Ukraina Rossiyaga qarshi turishi uchun zarur harbiy vositalar bilan ta’minlanadi.
Gap Britaniyaning ikki kompaniyasi ishlab chiqargan uchuvchisiz qurilmalar haqida ketmoqda. Ular neftni qayta ishlash korxonalari, harbiy va sanoat ob’ektlari hamda omborlarga qilingan hujumlarda ishlatilgan. Zarba oqibatida yetkazilgan iqtisodiy zarar 35 milliard funtdan oshgani qayd etilmoqda.
Ayni paytda Rossiya-Ukraina o‘rtasida havo hujumlari ham avj olgan. RF rasmiylariga ko‘ra, Moskva tomon 620 ga yaqin dron yo‘naltirilgan, ularning 180 dan ortig‘i urib tushirilgan. Zaporojeda esa Rossiya zarbalari kamida ikki kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Britaniya aprelda Kiyevga o‘n minglab uchuvchisiz qurilma, shu jumladan uzoq masofadagi nishonlarga zarba bera oladigan qurollarni yetkazib berish rejasini e’lon qilgan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA