Kollejdan – mehnat jamoasiga
Toshkent pedagogika kolleji bitiruvchisi Aziza Mahkamboyevaning ish joyi tayin. Imtihonlarni topshirib diplomini olgach, Sergeli tumanidagi 268-umumta’lim maktabida ish boshlaydi. U tirishqoqligi tufayli maktab jamoasining mehrini qozongan.
Toshkent pedagogika kolleji bitiruvchisi Aziza Mahkamboyevaning ish joyi tayin. Imtihonlarni topshirib diplomini olgach, Sergeli tumanidagi 268-umumta’lim maktabida ish boshlaydi. U tirishqoqligi tufayli maktab jamoasining mehrini qozongan.– Yangi ish joyimga tezda moslashib ketaman, deb o‘ylayman, – deydi Aziza. – Negaki, bu yerda bir yil davomida amaliyot o‘tadim, “ustoz – shogird” an’anasi asosida ish o‘rgandim. Ishga joylashayotganimdan, oilamga, jamiyatga nafim tegishidan xursandman.
Bugun Aziza singari minglab kollej bitiruvchilari qiziqish va intilishlari doirasida o‘rgangan mutaxassisliklari bo‘yicha to‘rt tomonlama tuzilgan shartnomalar asosida ishga joylashmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda mamlakatimizdagi kasb-hunar kollejlarini 477 ming 700 nafardan ziyod o‘quvchi, jumladan, 234 mingga yaqin qiz bitiradi.
– Joriy yilda kollej bitiruvchilari bilan tuzilayotgan shartnomalarga hokimliklarning ham biriktirilishi ish beruvchi tashkilot va muassasalarning mas’uliyatini yanada oshirdi, – deydi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi boshqarma boshlig‘i Abduxalil Rahmonov. – Bundan tashqari aprel oyidan boshlab 422 kasb-hunar kollejda “Biznes klub”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular o‘quvchilarning mehnat huquqi va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishning huquqiy jihatlari bo‘yicha bilimlarini oshirishga ko‘maklashmoqda. Ushbu “Biznes klub”larga o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash va tijorat banklaridan imtiyozli kredit olish istagini bildirgan 32 mingdan ziyod yigit-qiz a’zo bo‘ldi.
Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar asosida kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirishning aniq mexanizmlari ishlab chiqilgan.
2016-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturiga muvofiq 286 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish va 46 mingta ish o‘rnini oldindan kvotalab qo‘yish belgilangan.
Respublika O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Iqtisodiyot, Mehnat vazirliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamkorligida amalga oshirilayotgan izchil ishlar natijasida hozirgacha barcha bitiruvchilar 222 mingdan ziyod korxona va tashkilot bilan to‘rt tomonlama shartnoma tuzib, amaliyot o‘tadi.
Kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirishda hududlarda tashkil etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari ham yaxshi samara berayotir. Joriy yilda bitiruvchilarga ish topishida har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida bevosita kollejlarning o‘zida ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Kollej bitiruvchilarining o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Ularga biznes reja tuzishdan uni yuritishgacha bo‘lgan jarayonda iqtisodiy, huquqiy, moddiy va ma’naviy ko‘mak berilmoqda, zarur miqdorda kredit bilan ta’minlanmoqda. Joriy yilda yoshlar uchun tijorat banklari tomonidan 305,5 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratilgani buning yaqqol dalilidir. Bu ko‘rsatkich 2015-yilga nisbatan 20 foizga ko‘pdir.
Bu boradagi ishlarga jamoat tashkilotlari ham katta hissa qo‘shmoqda. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Mening biznes g‘oyam” kabi tanlovlar kasb-hunar kolleji va akademik litseylar bitiruvchilarida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, yakka tartibdagi mehnat faoliyatini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, kasanachilikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
– Bankdan imtiyozli kredit olib, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxona tashkil etmoqchiman, – deydi Mirzo Ulug‘bek texnologiya kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Maftuna Aminboyeva. – Rejam amalga oshsa, 8 nafar tengdoshimni ham ish bilan ta’minlayman.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalari ma’muriyatlari va tegishli hokimliklar o‘rtasida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash to‘g‘risida to‘rt tomonlama shartnomalar tuzishga doir chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda mutasaddi tashkilotlar va kollejlar tomonidan mazkur vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bular kollej bitiruvchilarining egallagan mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashib, oilasiga daromad, jamiyatga foyda keltirishdek ezgu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.