Bolalarda kitobxonlik madaniyatini oshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
Urganch shahridagi 17-umumta’lim maktabida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Urganch shahridagi 17-umumta’lim maktabida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.Taniqli shoir va yozuvchilar, keng jamoatchilik vakillari, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etgan tadbirda kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitob mutolaasini keng ommalashtirish yoshlarning ma’naviy olamini boyitish, ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. O‘quvchilarga Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berildi.
– Internet va boshqa zamonaviy axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi kunda yoshlarda kitobga qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish nafaqat pedagoglar, balki barchamizning muhim vazifamizdir, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Qurbon Matrizayev. – Kitobga mehr qo‘ygan, kitob orqali dunyoni anglagan inson yomonlikdan yiroq bo‘ladi, ezgulik haqida o‘ylaydi, ezgu ishlar qilishga intiladi. Ayni paytda bu ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuning uchun yoshlarni bolalikdan kitobga oshno etish uchun biz, yoshi kattalar ularga shaxsiy ibrat ko‘rsatishimiz lozim. Ustoz-murabbiylar esa yosh kitobxonlarga adabiyotni tanlashda to‘g‘ri va kerakli yo‘nalishlarni ko‘rsatishi zarur.