Kitobxonlik forumi o‘tkazildi
Buxoroda “Kitob — tafakkur, innovatsiya va kelajak poydevori” shiori ostida keng ko‘lamli “Kitobxonlik forumi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur ma’rifiy tadbir yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, ularning intellektual salohiyati va ijodiy fikrlashini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, zamonaviy bilim va innovatsiyalarga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Forum doirasida turli interaktiv va ma’naviy-ma’rifiy loyihalar tashkil etildi. Jumladan, intellektual o‘yinlar, “Book battle”, “Tezkor kitobxon” shousi, “Sirli quti” chellenji, “Men sevgan adabiy qahramon” portretlar tanlovi, mahorat darslari, kitob ko‘rgazmalari hamda madaniy chiqishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, kitob va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan innovatsion namoyishlar forum mazmun-mohiyatini yanada boyitdi.
Forumning tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari Adhamjon Sormonqulov hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyevlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida mehmonlar viloyat “Kelajak” markazi to‘garak a’zolari tomonidan tayyorlangan ijodiy va innovatsion ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Iqtidorli o‘quvchilar bilan o‘tkazilgan samimiy muloqotlar davomida yoshlarning bilimga intilishi, kreativ fikrlashi va kitobxonlikka bo‘lgan yuksak qiziqishi alohida e’tirof etildi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan joriy yilning mart–aprel oylarida uch bosqichli “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” tanlovi tashkil etildi. Unda umumta’lim maktablarining 164 ming 106 nafar kitobxon o‘quvchisi ishtirok etdi. Tanlovning viloyat bosqichida yosh toifalari bo‘yicha 12 nafar g‘olib aniqlandi.
[gallery-29568]
Taqdirlash marosimida g‘olib o‘quvchilarga viloyat hokimining diplomlari hamda monoblok, planshet, televizor, kitob javoni va kitoblar jamlanmasi kabi qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Bu esa yoshlarning bilim olish va kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Buxoro shahridagi 32-umumta’lim maktabi kutubxonachisi Gulmehra Shokirova “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Yana 30 nafar kutubxonachiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Forumda faol qatnashgan 12 nafar o‘quvchi hamda 3 nafar o‘qituvchi ham faxriy yorliq va kitoblar to‘plami bilan rag‘batlantirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari