Kitobxon onalar bellashdi
FOTOREPORTAJ
Ayol — millat tarbiyachisi. U nafaqat xonadon bekasi, balki oilada farzandlar uchun yuksak ma’naviyat va odob-axloq namunasi hisoblanadi. Farzandlarning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishida onaning bilim va dunyoqarashi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois yurtimizda xotin-qizlarning bilimli va ma’rifatli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tizimida harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Kitobxon ona” tanlovining hududiy bosqichi Jizzax viloyati Axborot-kutubxona markazida tashkil etildi.
Ma’naviyat va ma’rifat bellashuvida Jizzax hamda Samarqand viloyatlarida joylashgan harbiy qismlardan saralab olingan 5 nafar bilimdon ishtirokchi o‘zaro bahslashdi. Qatnashchilar o‘zbek adabiyotining yetuk namoyandalaridan biri — O‘tkir Hoshimov asarlari, jumladan, “Dunyoning ishlari” va “Ikki eshik orasi” romanlari bo‘yicha bilimlarini namoyish etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rin Jizzax shahridagi harbiy qism II darajali serjanti I.Qutbiddinovning turmush o‘rtog‘i Dildora Uzoqovaga nasib etdi. 2-o‘rin Samarqand viloyatidagi harbiy qism vakili, III darajali serjant A.Fayziyevning turmush o‘rtog‘i O‘g‘iloy Ro‘ziyevaga, 3-o‘rin esa Baxmal tumanidagi harbiy qism kapitani S.Yo‘ldoshevning turmush o‘rtog‘i Hadicha Fayziyevaga berildi.
[gallery-29157]
Tadbir yakunida g‘oliblar va barcha ishtirokchilar harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bunday ma’rifiy tadbirlar harbiy oilalarda kitobxonlik muhitini mustahkamlash, yosh avlodni bilimli va ma’naviyatli etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA