Kitob xazina, kitob ma’naviy boylik manbai
Bo‘stonliqda “Bitmas xazina” kitob festivalida yozuvchi va shoirlar, noshir va adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
Ochilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Babajanov, Adabiyotshunos olim, yozuvchi, tarjimon Ibrohim G‘afurov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo so‘zga chiqib, ushbu festivalning ahamiyati xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
[gallery-19286]
Festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyatimiz, ayniqsa, yoshlar orasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish, kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirishdir. Festivalga “Bitmas xazina” nomining qo‘yilishi bejiz emas. Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “2020 – 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Milliy dastur tasdiqlangan. Unga asosan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish yuzasidan 2020-2023 yillar davomida jami 44 ta me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlash borasidagi tartib-taomillar soddalashtirilganidan so‘ng, hududlardagi nashriyot va matbaa korxonalarining soni sezilarli darajada oshdi. Jumladan, respublikada 2020 yilda 168 ta nashriyot faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yil 1 avgust holatiga ko‘ra ularning soni 562 taga yetdi. Bu davrda matbaa korxonalari 1 ming 589 tadan 1 ming 931 taga yetdi. 680 dan ortiq ixtisoslashgan kitob savdo majmualari orqali respublikaning chekka hududlariga tezkor yetkazib berish bo‘yicha loyihalar joriy etildi.
Ikki kun davom etadigan tadbirda mualliflik huquqi, chop etilayotgan kitoblar sifati, ularning kontenti, kitob savdosiga oid muammolar va ularning yechimlari yozuvchi, shoir, noshirlar ishtirokida muhokama qilinadi. Jumladan, bugundan “Mualliflik huquqi va tarjima masalalari” nomli konferensiya ham bo‘lmoqda. Unda adiblar, noshirlar, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, tarjimonlar ishtirokida davra suhbatlari, bahs-munozaralar qilinmoqda. Bundan tashqari, “Bitmas xazina” kitob ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etildi. Unda qatnashayotgan noshirlar o‘zlari chop etgan asarlarni namoyish qildi.
– Bugungi festivalda biz kabi endi faoliyat boshlayotgan yoshlar malakali mutaxassislar bilan tajriba almashmoqda, – deydi Xalqaro Nordik universiteti magistri Nozimabonu Tojiboyeva. – Bundan juda xursandmiz. Tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasida ham yangi chop etilgan kitoblar bilan tanishdik, mualliflar bilan suhbatda esa o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olmoqdamiz. Ta’kidlash lozimki, mazkur festival endi har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib boriladi.
Shuningdek, loyiha doirasida har yili “Bitmas xazina” nomli durdona asarlardan iborat 5 tomlik kitoblar to‘plami nashr qilinadi. Bu to‘plamga dunyo tan olgan mumtoz adabiyot namunalari, o‘zbek adabiyoti darg‘alarining qalamiga mansub asarlar, yangi tarjima va bitta nazmiy asar kiritiladi.
A.Musayev, A.Alijonov, (surat)