“Kitob o‘qish soati” tadbirlari muntazam yo‘lga qo‘yildi
Kitob mutolaasi inson tafakkurini charxlaydi, ma’naviy dunyosini boyitadi va kasbiy faoliyatda yuksak natijalarga erishishga mustahkam zamin yaratadi. Shu bois Jizzax shahrida faoliyat yuritayotgan Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaaga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish hamda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlashga qaratilgan “Kitob o‘qish soati” tadbirlari muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Navbatdagi mutolaa mashg‘ulotida boshqarmaning markaziy apparat xodimlari badiiy, ilmiy-ommabop va ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlar, shuningdek, respublika hamda tarmoq nashrlarida e’lon qilinayotgan dolzarb maqolalar, gazeta va jurnallar bilan tanishdi. Mutolaa jarayonida asarlar mazmun-mohiyati yuzasidan fikr almashildi, kitoblarda ilgari surilgan hayotiy g‘oyalar, ilmiy qarashlar va ma’naviy qadriyatlar xususida mulohazalar bildirildi.

Bunday tadbirlar nafaqat xodimlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, balki tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, dunyoqarashini kengaytirish, ma’naviy kamolotini mustahkamlash hamda xizmat vazifalarini yanada samarali bajarishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, kitobxonlik muhitining qaror topishi jamoada bilimga intilish, o‘z ustida ishlash va doimiy izlanish madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar va mehnat jamoalari o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatda 2026–2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasini oshirish, kitob mutolaasini keng ommalashtirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish, eng yaxshi milliy va xorijiy adabiyotlarni qo‘llab-quvvatlash, mutolaani hayot tarziga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalar belgilab berilgan.

Ushbu vazifalar ijrosi doirasida davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari hamda mehnat jamoalarida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy loyihalar, mutolaa soatlari, kitob taqdimotlari va adabiy uchrashuvlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida tashkil etilayotgan “Kitob o‘qish soati” ham ana shu ezgu maqsadlarga hamohang tarzda yo‘lga qo‘yilgan tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Boshqarmada kitobxonlikni rag‘batlantirish, mutolaaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish va sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashga qaratilgan bunday tadbirlar izchil davom ettirilib, jamoaning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu tariqa kitob mutolaasi bilimli, keng dunyoqarashli va yuksak mas’uliyatli mutaxassislarni tarbiyalashning muhim omili sifatida o‘z ahamiyatini yanada mustahkamlab bormoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri