Kichik uskunalar orqali katta daromad manbaini yaratish imkoniyati taqdim etildi
Prezident tashabbuslari – amalda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish va aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun hududlarga keng vakolatlar va moliyaviy imkoniyatlar berildi. Har bir oila va xonadon bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Amalga oshirilgan amaliy ishlar allaqachon o‘z natijasini bermoqda. Yil boshida mamlakatda kambag‘allik darajasi 5,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkich 3,9 foizga tushdi. Ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 ming nafardan 1,5 million nafargacha kamaydi. Ishlar to‘g‘ri tashkil etilishi natijasida 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylanib bormoqda.
Prezidentimiz raisligida 3-sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish vazifalari belgilab berilgan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash, shuningdek, hududlarda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida muhim amaliy tadbir tashkil etildi. Bugun bu yerda mini texnologiyalar yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Yarmarka “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, Toshkent viloyati “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” hamda Toshkent viloyati Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazildi. Tadbirda yoshlar, ishsiz fuqarolar, o‘z biznesini boshlash yoki mavjud faoliyatini kengaytirish istagida bo‘lgan barcha fuqarolar va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi aholi o‘rtasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat. Shunga mos ravishda, ishsiz va kam daromadli fuqarolarga o‘z daromad manbasini yaratishga yordam berilmoqda. Yarmarkada uy sharoitida va kichik sexlarda ishlatishga mos keladigan turli mini uskuna va texnologiyalar namoyish etildi. Bu uskunalar bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan.

– Muhim tomoni shundaki, ishtirokchilar uskunalarni shunchaki tomosha qilishmadi, – deydi Kichik biznesga ko‘maklashish markazi direktori Alisher Muhammadjonov. – Ular texnologiyalarning ishlash jarayonini bevosita joyida ko‘rib chiqdilar. Har bir uskunaning ishlab chiqarish quvvati va sarf-xarajati atroflicha tushuntirildi. Fuqarolar qancha daromad olish mumkinligini mutaxassislar bilan birgalikda hisob-kitob qilish imkoniga ega bo‘lishdi. Tegishli moliya muassasalari va idoralar vakillari uskuna ishlab chiqaruvchilar hamda xaridorlar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z imkoniyatlariga mos loyihalar bo‘yicha mutaxassislar va mas’ullar bilan yuzma-yuz muloqot qilishdi. Fuqarolarga lizing va imtiyozli kredit shartlari asosida mini texnologiyalarni xarid qilish tartiblari atroflicha tushuntirildi. Yarmarkaning amaliy samarasi sifatida ko‘plab fuqarolar va tadbirkorlar mini texnologiyalarni sotib olish bo‘yicha dastlabki shartnomalarni joyida rasmiylashtirishdi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri