Avtomobilsozlikda mahalliylashtirish: yangi kooperatsiya zanjirlari sari
Avtomobilsozlikda ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan bir qatorda, tarmoq uchun zarur butlovchi qismlar va mahsulotlarni mahalliy korxonalarda o‘zlashtirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa import o‘rnini bosishdan tortib, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida barqaror kooperatsiya aloqalarini shakllantirishgacha bo‘lgan yaxlit jarayonni taqozo etadi.
Jizzaxda 29-30-sentabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi ana shu jarayonni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ayni paytda tadbirga tayyorgarlik jarayonida mahalliy korxonalarning imkoniyatlari o‘rganilib, avtomobilsozlik ehtiyojidan kelib chiqqan holda o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar doirasi aniqlashtirilmoqda.
Ayni paytda ko‘rgazmaga tayyorgarlik jarayonida korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish, qaysi mahsulotlarni mahalliylashtirish mumkinligini aniqlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
Bu jarayonda import qilinayotgan mahsulotlarning mahalliy muqobillarini taklif etish muhim vazifalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ya’ni masala faqat tayyor mahsulotni ko‘rgazmada namoyish etish bilan cheklanmaydi. Asosiy maqsad – bugun xorijdan xarid qilinayotgan muayyan mahsulotni ertaga mahalliy korxona ishlab chiqarishi uchun zarur shart-sharoit va kooperatsiya aloqalarini shakllantirish.
Shuningdek, to‘liq o‘zlashtirilgan yoki ayni paytda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilayotgan mahsulotlarni namoyish etish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarning real imkoniyatlarini buyurtmachi korxonalarga ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa yangi buyurtmalar, texnologik hamkorlik va uzoq muddatli kooperatsiya aloqalari uchun asos bo‘lishi mumkin.
Mazkur vazifalarni amalga oshirishda “Yo‘l xaritasi” asosida ish olib borilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Unda korxonalarning mavjud salohiyatini aniqlash bilan birga, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va sanoat zanjiridagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanishi ko‘zda tutiladi.
Jizzax viloyatining sanoat salohiyati esa bu borada yangi imkoniyatlarni ishga solish uchun muhim zamin yaratadi. Hududdagi mavjud ishlab chiqarish korxonalarining tajribasi, texnik imkoniyatlari va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish salohiyatini avtomobilsozlik ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish orqali kooperatsiyaning yangi yo‘nalishlarini shakllantirish mumkin.
Eng muhimi, bunday yondashuv mahalliylashtirishga bir martalik tadbir sifatida emas, balki uzluksiz jarayon sifatida qarash imkonini beradi. Bunda har bir yangi mahsulotni o‘zlashtirish ortida uning aniq buyurtmachisi, ishlab chiqaruvchisi va barqaror yetkazib berish zanjiri shakllanadi.
Shu jihatdan, Jizzaxdagi “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi sanoat korxonalari uchun o‘z imkoniyatlarini namoyish etish maydoni bo‘lish bilan birga, yangi ishlab chiqarish g‘oyalarini aniq ehtiyoj bilan bog‘laydigan muhim muloqot maydoniga aylanishi kutilmoqda. Bu esa avtomobilsozlikda mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar turini ko‘paytirish va milliy sanoat zanjirini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA