Kiberxavfsizlikni oshirish – davr talabi
Namanganda respublika Ichki ishlar vazirligi, “Uzsard” jamiyati, Markaziy bank hamda O‘zbekiston Mahallari uyushmasi hamkorligida “O‘zbekistonda raqamli savodxonlik va kiberxavfsizlik bo‘yicha keng ko‘lamli kompaniyasi” – “CyberWeek 2.0” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan muloqotda Mahallalar uyushmasi, tijorat banklari, huquqni muhofaza qilish idoralari mas’ul xodimlari hamda Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Chortoq, Yangiqo‘rg‘on va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda kiberjinoyatlarni barvaqt oldini olish, fuqarolarning kibermadaniyat va kibergigenasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2025-yil 30-apreldagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturulamal vazifani o‘tamoqda.

Uchrashuvda “Yagona umumrespublika protsessing markazi” aksiyadorlik jamiyati (“Uzsard”) axborot xavfsizligi bo‘yicha direktorining o‘rinbosari Botirjon Shokomilov, Namangan viloyati IIB kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i, kapitan Abbosbek Mahmudov, O‘zbekiston Mahallari uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Zafarbek Narziqulov ta’kidlab o‘tishganidek, rivojlangan davlatlar qatori Yangi O‘zbekistonda ham raqamli texnologiyalar har bir sohada keng tatbiq etib kelinmoqda.

Jumladan, fuqarolarning internetdan foydalanish, tegishli axborotlarni ijtimoiy tarmoqlarga erkin joylashtirish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Bu o‘z navbatida, har bir kibermakon foydalanuvchisidan o‘z shaxsiga oid ma’lumotlarning hamda bank karta hisobvaraqlaridagi mulkining xavfsizligini ta’minlashda mas’uliyatini oshirishni talab etmoqda.

Zero, ko‘plab fuqarolar, internet firibgarlarining yolg‘on aldovlariga uchrab, bilib-bilmasdan shaxsiy va bank karta ma’lumotlarini taqdim qilishi natijasida, ham moddiy, ham ma’naviy zarar ko‘rayotganligi kuzatilmoqda. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili, ayniqsa, bank kartalari bilan bog‘liq o‘g‘rilik va firibgarlik holatlari kundan-kunga tobora avj olayotganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, so‘nggi olti yilda yurtimizda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. O‘tgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o‘g‘irlik jinoyatlarining 76 foizi aynan kibermakonda sodir etilgan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so‘mdan oshgan. Kiberjinoyatlar an’anaviy jinoyatlardan tubdan farq qilganligi sababli hozirgi kunda ularning salmog‘i tobora ortib bormoqda.
Qayd etilganidek, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning keskin ko‘payib borayotgani milliy qonunchilikka shunday turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini og‘irlashtirish va kiberjinoyatlarning yangi shakllari uchun javobgarlik belgilash bo‘yicha normalarni kiritish masalasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, bu kabi targ‘ibot qamrovini kengaytirishda huquqni muhofaza qilish organlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari, jamoat tashkilotlarining uzviy hamkorligi asosida kompleks tashviqot olib borish zaruriyat ekanligi ta’kidlandi.
Muloqotda “Mahalla yettiligi” vakillari tomonidan bildirilgan taklif-tashabbuslar tinglandi va savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.