Kiberjinoyat ekranda sodir böladi, zarar real hayotda qoladi
Sönggi yillarda kiberjinoyatçilik Özbekistonda keskin ortib, fuqarolar va iqtisodiyotga jiddiy tahdid solmoqda. Prezident tomonidan belgilangan yangi strategiyalar bu muammoga qarşi kuraşda butun jamiyat saʼy-harakatini talab etadi.
2026-yil 28-avgust kuni Özbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining öttiz beş yilligiga bağişlangan tantanali marosimda Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev mamlakatimiz taraqqiyotining kelgusi ön yillikka möljallangan ustuvor yönalişlarini belgilab berdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yettita milliy dastur orasida sud mustaqilligini kuçaytiriş, qonun ustuvorligini taʼminlaş va fuqarolarning huquqiy himoyasini mustahkamlaş masalalari alohida örin egalladi.
Uşbu vazifa zamirida zamonaviy jamiyat oldida turgan muhim masala mujassam. Raqamli texnologiyalar inson hayotini yengillaştirayotgan bir paytda ular orqali sodir etilayotgan jinoyatlar ham yangi şakl va usullarda namoyon bölmoqda. Bugun jinoyat sodir etiş uçun jabrlanuvçi bilan yuzma-yuz uçraşiş yoki uning yaşaş joyiga boriş şart emas. Ayrim hollarda telefon orqali yuborilgan bitta yolğon xabar, qalbaki havola yoki işonçli taşkilot nomidan qilingan qönğiroq insonning yillar davomida töplagan mablağidan ayrilişiga sabab bölişi mumkin.
Şunday ekan, kiberjinoyatçilikka qarşi kuraşiş faqat kompyuter tizimlarini himoya qiliş yoki jinoyatçilarni aniqlaş bilan çeklanmaydi. Bu, avvalo, insonning mulkiy huquqlarini, şaxsiy hayoti daxlsizligi, axborot xavfsizligi va raqamli xizmatlardan işonç bilan foydalaniş imkoniyatini taʼminlaş masalasidir.
Muammoning kölamini rasmiy maʼlumotlar ham yaqqol körsatmoqda. Prezidentimizga 2026-yil 12-mart kuni kiberjinoyatlar va uyuşgan jinoyatçilikka qarşi kuraşiş samaradorligini oşiriş yuzasidan ötkazilgan taqdimotda qayd etilişiça, mamlakatimizda internetdan foydalanuvçilar soni 31 milliondan oşgan. Sönggi olti yilda kiberjinoyatlar böyiça murojaatlar soni 48 barobarga köpaygan. Eng eʼtiborli jihati, 2025-yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, öğirlik jinoyatlarining esa 76 foizi kibermakonda sodir etilgani maʼlum qilingan. Uşbu jinoyatlar oqibatida jismoniy va yuridik şaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion sömdan oşgan.
Albatta, uşbu körsatkiçlar kiberjinoyatçilikning barça sabablarini tuşuntirib bermaydi. Biroq, ular muammoning alohida şaxslar yoki taşkilotlar doirasidan çiqib, keng ijtimoiy ahamiyat kasb etganini körsatadi. Endilikda raqamli xavfsizlik masalasi faqat mutaxassislarning emas, balki bank mijozi, talaba, tadbirkor, davlat xizmatçisi va internetdan foydalanuvçi har bir fuqaroning kundalik hayoti bilan boğliq.
Xöş, kiberjinoyatçilik deganda aynan nimani tuşunamiz?
2022-yil 15-aprelda qabul qilingan Özbekiston Respublikasining «Kiberxavfsizlik töğrisida»gi qonuni 3-moddasiga köra, kiberjinoyatçilik axborotni egallaş, özgartiriş, yöq qiliş yoki axborot tizimlari va resurslarini işdan çiqariş maqsadida kibermakonda dasturiy taʼminot hamda texnik vositalardan foydalanib amalga oşiriladigan jinoyatlar yiğindisidir.
Oddiyroq tuşuntiradigan bölsak, kompyuter tizimiga ruxsatsiz kiriş, undagi maʼlumotlarni noqonuniy qölga kiritiş, zararli dasturlar tarqatiş yoki axborot tizimining işlaşiga qasddan tösqinlik qiliş kiberjinoyatçilikning muhim körinişlari. Bundan taşqari, internet va elektron tölov vositalaridan foydalanib sodir etiladigan firibgarlik hamda öğirlik jinoyatlari raqamli muhitdagi jiddiy tahdidlar hisoblanadi.
Zamonaviy kiberjinoyatçilikda faqat texnik zaifliklar emas, balki insonning ruhiy holati, şoşqaloqligi, işonuvçanligi va yetarli maʼlumotga ega emasligi ham jinoyatçilar tomonidan suiisteʼmol qilinişi mumkin. Şu sababli xavfsizlikni taʼminlaşning eng muhim yönalişlaridan biri aholining huquqiy va raqamli savodxonligini rivojlantiriş.
Mamlakatimizda uşbu munosabatlarni tartibga solişning huquqiy asoslari şakllantirilgan bölib, Özbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XX¹ bobi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga bağişlangan. Unda axborotlaştiriş qoidalarini buziş, kompyuter axborotidan ruxsatsiz foydalaniş, kompyuter axborotini noqonuniy özgartiriş, kompyuter sabotaji va zarar keltiruvçi dasturlarni yaratiş, işlatiş yoki tarqatiş kabi qilmişlar uçun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Şuningdek, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan har qanday jinoyat faqat mazkur bobdagi moddalar bilan baholanmaydi. Jinoyatning aniq xususiyati va qonunda belgilangan alomatlariga qarab, firibgarlik yoki öğirlik kabi jinoyatlar töğrisidagi normalar ham qöllanilişi mumkin. Demak, huquqiy baholaşda texnologiyaning özi emas, balki şaxsning qanday harakat sodir etgani, uning maqsadi, oqibatlari va jinoyat tarkibining boşqa belgilari hal qiluvçi ahamiyatga ega.
2026-yil 10-martda qabul qilingan Özbekiston Respublikasi Prezidentining «Özbekiston Respublikasining Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilaş va kiberjinoyatçilikning oldini oliş tizimini takomillaştiriş töğrisida»gi farmoni bilan Özbekiston Respublikasining 2026–2030-yillarga möljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi. Strategiyada davlat axborot tizimlari va muhim axborot infratuzilmasini himoya qiliş, kiberjinoyatçilikka qarşi kuraşiş, raqamli kriminalistika imkoniyatlarini rivojlantiriş, davlat organlari örtasida tezkor axborot almaşişni yölga qöyiş hamda aholining kiberxavfsizlik böyiça bilimlarini oşiriş kabi ustuvor vazifalar belgilandi.
Uşbu hujjatning muhim jihati şundaki, unda kiberxavfsizlik faqat texnik himoya masalasi sifatida emas, balki davlat organlari, xususiy taşkilotlar, huquqni muhofaza qiluvçi organlar, taʼlim muassasalari va fuqarolarning hamkorligini talab qiladigan yaxlit tizim sifatida qaralgan.
Ayniqsa, strategiyada maktablarning yuqori sinf öquvçilari uçun kibermadaniyat maşğulotlarini taşkil etiş, öquvçilar va talabalar uçun kiberxavfsizlik asoslari böyiça bepul onlayn kurslarni işlab çiqiş vazifalari belgilanganini alohida taʼkidlaş lozim. Çunki jinoyat sodir etilganidan keyin uning oqibatlarini bartaraf etişdan köra, aholiga xavf-xatarlarni oldindan tuşuntiriş köplab huquqbuzarliklarning oldini olişga yordam berişi mumkin.
Prezidentimizning mustaqilligimizning 35 yillik bayrami munosabati bilan yöllagan tabrik nutqida huquqiy tarbiyani maktabdan boşlab aniq tizim asosida yölga qöyiş vazifasi ham aynan şu nuqtai nazardan muhimdir. Fikrimizça, bugungi kunda huquqiy tarbiya faqat Konstitutsiya va qonunlarning umumiy mazmunini örgatiş bilan çeklanmasligi kerak. Öquvçi va talabalar özlarining şaxsiy maʼlumotlarini qanday himoya qiliş, soxta elektron xabarlarni qanday aniqlaş, internet orqali aldanganida qayerga murojaat qiliş va raqamli muhitdagi huquqlaridan qanday foydalanişni ham bilişlari zarur.
Kiberjinoyatçilikning eng oğriqli jihatlaridan yana biri bank-moliya sohasidagi firibgarliklardir. Bugun bank xizmatlaridan foydalaniş uçun filialga boriş şart emas. Fuqaro telefon orqali pul ötkazadi, tölovni amalga oşiradi yoki kredit oliş uçun murojaat qiladi. Biroq uşbu qulayliklarning xavfsizligi yetarliça taʼminlanmasa, ular jinoyatçilar tomonidan suiisteʼmol qilinişi mumkin.
Bu borada 2026-yil 12-mart kuni Prezidentimizga sohaviy masalalar yuzasidan ötkazilgan taqdimotda tijorat banklari, tölov tizimi operatorlari va tölov taşkilotlarining kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi oqibatida yuzaga kelgan zarar uçun javobgarligini qonunçilikda mustahkamlaş taşabbusi ilgari surilgani eʼtiborga molik.
Mazkur taşabbusning huquqiy ahamiyati şundaki, u raqamli moliyaviy xizmatlarda xavfsizlik uçun masʼuliyatni faqat foydalanuvçi zimmasiga yuklaş bilan çeklanmaslik zaruratini körsatadi. Albatta, fuqaro ham öz bank kartasi, maxfiy kodi va şaxsiy maʼlumotlarini ehtiyotkorlik bilan saqlaşi kerak. Ammo moliyaviy xizmat körsatuvçi taşkilot ham öz tizimidagi xavfsizlik talablarini bajarişi, şubhali operatsiyalarni aniqlaşi va xavflarga öz vaqtida munosabat bildirişi zarur.
Kiberjinoyatlarning transçegaraviy xususiyatga egaligi bu turdagi jinoyatlarga qarşi kuraşişda öziga xos qiyinçiliklarni keltirib çiqarmoqda. Yaʼni, jinoyatçi bir davlat hududida bölişi, jabrlanuvçi boşqa davlatda yaşaşi, foydalanilgan elektron xizmat esa uçinçi davlatdagi server orqali işlaşi mumkin. Bunday şaroitda bir davlatning huquqni muhofaza qiluvçi organlari barça zarur maʼlumotlarni faqat öz vakolatlari doirasida töplaş imkoniyatiga har doim ham ega bölmaydi. Şuning uçun xalqaro hamkorlik zamonaviy kiberjinoyatçilikka qarşi kuraşişning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Bu borada Birlaşgan Millatlar Taşkiloti Boş Assambleyasi tomonidan 2024-yil 24-dekabrda qabul qilingan Kiberjinoyatçilikka qarşi konvensiya alohida ahamiyatga ega. Uşbu xalqaro hujjat axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan ayrim jinoyatlarga qarşi kuraşiş, davlatlar örtasidagi hamkorlikni mustahkamlaş hamda jinoyatlar böyiça elektron şakldagi dalillarni almaşişning xalqaro huquqiy asoslarini rivojlantirişga qaratilgan.
Bizningça, bugungi kunda kiberjinoyatçilikka qarşi kuraşiş tizimini yanada rivojlantirişda uçta özaro boğliq masalaga alohida eʼtibor qaratiş zarur.
Birinçidan, kiberjinoyatlarning oldini olişni faqat huquqni muhofaza qiluvçi organlarning vazifasi sifatida körmasdan, taʼlim muassasalari, banklar, aloqa operatorlari, davlat taşkilotlari va fuqarolarning özini özi boşqariş organlari masʼuliyatining muhim yönalişiga aylantiriş kerak. Ayniqsa, maktab va oliy taʼlim muassasalarida raqamli xavfsizlikka oid bilimlarni hayotiy vaziyatlar asosida örgatiş muhim.
Ikkinçidan, jinoyatdan jabrlangan şaxslarning huquqlarini tiklaş mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratiş lozim. Çunki jinoyatçining aniqlanişi va javobgarlikka tortilişi muhim bölsa-da, jabrlanuvçining yöqotilgan mablağini qaytariş, uning nomidan noqonuniy amalga oşirilgan operatsiyalar oqibatlarini bartaraf etiş va şaxsiy maʼlumotlaridan keyinçalik ham foydalanilişining oldini oliş ham huquqiy himoyaning ajralmas qismi.
Uçinçidan, kiberjinoyatlarni tergov qilişga ixtisoslaşgan mutaxassislar tayyorlaş, raqamli dalillar bilan işlaş könikmalarini rivojlantiriş va xalqaro hamkorlik mexanizmlarini takomillaştiriş zarur. Bunda faqat texnik bilimning özi yetarli emas. Zamonaviy tergovçi, prokuror, sudya va advokat raqamli texnologiyalarning işlaş xususiyatlarini, elektron dalillarning huquqiy tabiatini va inson huquqlariga oid kafolatlarni ham çuqur tuşunişi kerak.
Mutaxassislar tayyorlaş borasida Toşkent davlat yuridik universitetida ham tizimli işlar amalga oşirilmoqda. Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrda qabul qilingan «Özbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qiliş çora-tadbirlari töğrisida»gi farmoni bilan universitetda «Yurisprudensiya» taʼlim yönalişi böyiça yangi «Raqamli huquq» taʼlim yönalişi joriy etildi.
Farmonga köra, «Raqamli huquq» taʼlim yönalişiga öqişga qabul qiliş tanlovlarini xalqaro standartlarga muvofiq hamda uşbu sohaga ixtisoslaşgan xorijiy taşkilotlar bilan hamkorlikda IQ-test ötkaziş tartibida taşkil etiş, şuningdek, tanlovda B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega şaxslar iştirok etişi belgilandi.
2026/2027 öquv yilida uşbu taʼlim yönalişi böyiça talabalar qabul qilindi. Hozirgi kunda mazkur yönalişda tahsil olayotgan talabalar huquqiy fanlar bilan bir qatorda bevosita axborot texnologiyalariga oid fanlarni ham özlaştirmoqda. Eng muhimi, barça darslar ingliz tilida olib borilmoqda. Bu esa talabalarning bir vaqtning özida ham huquqiy, ham texnologik bilim va könikmalarga ega mutaxassis bölib yetişişiga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining mustaqillikning öttiz beş yilligiga bağişlangan nutqida kiberjinoyatçilikning oldini olişni qonun ustuvorligini taʼminlaşga qaratilgan milliy dasturning tarkibiy vazifasi sifatida belgilagani bejiz emas. Çunki bugungi kunda qonun ustuvorligi nafaqat anʼanaviy ijtimoiy munosabatlarda, balki insonlar özaro muloqot qilayotgan, taʼlim olayotgan, işlayotgan va moliyaviy operatsiyalarni amalga oşirayotgan raqamli makonda ham tölaqonli taʼminlanişi kerak.
Xulosa qilib aytganda, kiberjinoyatçilikka qarşi kuraşişning boş maqsadi faqat jinoyat sodir etgan şaxsni jazolaş emas, balki jinoyatning oldini oliş, fuqarolarning huquqlarini samarali himoya qiliş va raqamli muhitda işonçni mustahkamlaşdan iborat bölişi lozim. Raqamli texnologiyalar rivojlanib borar ekan, ularni huquqiy tartibga soliş, xavfsizlikni taʼminlaş va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltiriş çoralari ham uşbu taraqqiyot bilan hamohang rivojlanişi zarur.
Zero, zamonaviy jamiyatda inson huquqlarini himoya qilişning muhim mezonlaridan biri — fuqaroning nafaqat real hayotda, balki raqamli makonda ham özini xavfsiz va huquqiy jihatdan himoyalangan his eta olişi.
Dilşodjon EGAMBERDIYEV,
Toşkent davlat yuridik universiteti
Huquq va texnologiyalar şöʼbasi mudiri
ÖzA