Kiberbarqarorlik uchun xalqaro hamkorlik nega muhim?
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kiberxavfsizlik sohasida faoliyat yurituvchi Group-IB rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekistonda kiberxavfsizlik tizimini yanada mustahkamlash, davlat va xususiy sektorning kiberbarqarorligini oshirish, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Muloqot davomida Group-IB mutaxassislari moliya sohasiga qaratilgan kiberhujumlar, ularning yangi ko‘rinishlari va oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalarini taqdim etdi. Xo‘sh, nega aynan bugun kiberxavfsizlik masalasi dolzarb? Chunki raqamli xizmatlar kengaygan sari xavflar ham ko‘paymoqda, bu esa har bir tizimning barqaror ishlashiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Uchrashuvda kiberxavflarni barvaqt aniqlash, zamonaviy xavfsizlik yechimlarini joriy etish, biznes jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash hamda tashkilotlarga konsalting xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kiberxavfsizlik bo‘yicha muntazam o‘quv dasturlari, malaka oshirish kurslari va sertifikatlash tizimlarini yo‘lga qo‘yish orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi.
Bu hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda kiberxavfsizlik ekotizimini mustahkamlash, zamonaviy tahdidlarga qarshi tayyorgarlikni kuchaytirish va raqamli iqtisodiyotning xavfsiz rivojlanishini ta’minlashdan iborat.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yanada kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va mamlakatning kiberbarqarorligini oshirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA