Dushanbeda O‘zbekistonning “yashil” energetika sohasidagi tajribasi namoyish etildi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida “Qayta tiklanuvchi energetikaning zamonaviy holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tojikiston Respublikasi Fanlar milliy akademiyasi Prezidiumi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mamlakatimiz delegatsiyasining mazkur xalqaro anjumandagi ishtiroki Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda yashil iqtisodiyot uchun yashil ko‘nikmalar” mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi.
Plenar yig‘ilishlarda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, energetika sohasini raqamlashtirish, elektr tarmoqlarini boshqarishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, quyosh va shamol energetikasini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energetika sohasini raqamli transformatsiya qilish va ilmiy kadrlar tayyorlashga bag‘ishlangan ma’ruzalar ham taqdim etildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda “yashil” energetikani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan natijalarni ishtirokchilarga taqdim etib, sohadagi amaliy tajriba bilan o‘rtoqlashdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA