Kelajak Sardobasi bugundan rejalashtirilmoqda
Sardoba tumanida hududning uzoq muddatli taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim strategik hujjat — master-rejani ishlab chiqish ishlariga start berildi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida amalga oshirilayotgan dastur doirasida tayyorlanayotgan mazkur hujjat tumanning kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Loyiha «O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» va «O‘zbekistonda yashash uchun qulay va barqaror shaharlar» (PforR – Program-for-Results) dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. U hududni zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini takomillashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda aholi uchun qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratishga qaratilgan.
Master-rejani ishlab chiqish maqsadida Janubiy Koreyaning DOHWA Engineering Co., Ltd. kompaniyasi rahbarligidagi xalqaro konsultantlar konsorsiumi Sardoba tumaniga tashrif buyurdi.
Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Botirov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda xalqaro tajribani mahalliy sharoitga moslashtirish, muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, jamoat hududlari va yashil makonlarni kengaytirish, transport tizimini takomillashtirish hamda investitsiyalarni jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Loyihaning eng muhim jihati shundaki, master-rejani ishlab chiqish jarayonida xalqaro ekspertlar hududning iqtisodiy salohiyati, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, transport infratuzilmasi, yer resurslari, investitsiya imkoniyatlari hamda shaharsozlik istiqbollarini kompleks o‘rganib, Sardobaning kelgusi rivojlanishi bo‘yicha taklif va amaliy yechimlar ishlab chiqadi.
Ta’kidlanganidek, master-reja faqat qurilish hujjati emas. U Sardobaning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasi bo‘lib, aholi sonining o‘sishi, transport oqimi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini o‘zaro uyg‘un rivojlantirishni nazarda tutadi. Shuningdek, unda turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar, sanoat zonalari, dam olish maskanlari hamda yo‘l-transport infratuzilmasini joylashtirish bo‘yicha aniq yechimlar belgilanadi.
— Bu loyiha Sardobaning kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi. Avvalo, tumanning barcha imkoniyatlari chuqur tahlil qilinib, xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar ishtirokida rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Mazkur hujjat qurilish ishlarini tizimli tashkil etish, investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy yashash muhitini shakllantirishga xizmat qiladi, — dedi Sardoba tumani hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Botirov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri