Qoraqalpog‘istonda test sinovlari davom etmoqda
Bugun, 14-iyul sanasidan boshlab, mamlakatimiz bo‘ylab 2026-2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari boshlandi.
Ushbu muhim jarayon barcha oliy o‘quv yurtlarida belgilangan joylarda bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining sport saroyida ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Test sinovlari ikki smenada tashkil etilgan bo‘lib, birinchi smena soat 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smena esa 15:00 dan 18:00 gacha davom etadi. Ushbu jarayonning adolatli, shaffof va xavfsiz o‘tishini ta’minlash maqsadida universitet rahbariyati boshchiligida professor-o‘qituvchilar, mas’ul xodimlar, ko‘ngillilar biriktirilgan.
Bundan tashqari, test sinovlari davomida jamoat tartibini saqlash, abituriyentlar va ularning yaqinlari xavfsizligini ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari ham faollik ko‘rsatmoqda. Universitet rahbariyati va mas’ul idoralar tomonidan abituriyentlarga test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirishi uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan.
Nukus shahridagi test sinovlari o‘tkaziladigan joylar qatorida Bilim va malakalarni baholash agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi binosida ham abituriyentlar test sinovlarida qatnashmoqda.
Bu yerda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi tomonidan abituriyentlarning ota-onalari uchun kutish joylari, test jarayonini onlayn kuzatish imkoniyati, shuningdek, boshqa zarur sharoitlar yaratildi.
[gallery-30404]
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida jami 31 mingga yaqin abituriyent ishtirok etishi kutilayotgan bo‘lib, test sinovlari joriy yilning 23-iyul kuniga qadar davom etadi.
Test sinovlari to‘liq videokuzatuv orqali onlayn translyatsiya qilinmoqda va jarayonni test2026.uz sayti orqali onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari