Xalqaro maydondagi bojxona hamkorligi yanada kuchaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Nasirov rahbarligida Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi hamda Belgiya Qirolligida faoliyat yuritayotgan bojxona masalalari bo‘yicha maslahatchilar – Bojxona qo‘mitasining rasmiy vakillari ishtirokida videokonferensiya shaklida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda xorijdagi rasmiy vakillar faoliyatini yagona yondashuv asosida tashkil etish, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, amaliy faoliyatda uchrayotgan muammolarni muhokama qilish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab olish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi tegishli farmoniga muvofiq Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi va Belgiya Qirolligidagi O‘zbekiston elchixonalari huzurida bojxona masalalari bo‘yicha maslahatchilar – Bojxona qo‘mitasining rasmiy vakillari faoliyat yuritmoqda.
Ushbu vakillar mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, tashqi savdo munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash, eksport-import jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish hamda xorijiy davlatlar bojxona organlari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotgani alohida qayd etildi.
Yig‘ilish davomida xorij davlatlarining ilg‘or tajribasini o‘rganish, tashqi savdo sohasidagi qonunchilikdagi o‘zgarishlarni muntazam monitoring qilish, eksportyorlar va xalqaro tashuvchilar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surish, xalqaro tashkilotlar doirasida qabul qilinayotgan qarorlarni tahlil qilish hamda grant mablag‘lari va texnik ko‘mak loyihalarini jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, rasmiy vakillar faoliyati samaradorligini yanada oshirish, axborot almashinuvini jadallashtirish va hamkor davlatlar bilan ishchan muloqotni izchil davom ettirish tashqi savdo jarayonlarini soddalashtirish, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro iqtisodiy aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida xorijdagi bojxona xizmati rasmiy vakillari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, belgilangan vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan muntazam axborot taqdim etib borish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA