Karlo Anchelotti Neymarning JCH qaydnomasidan chiqarilishi haqidagi xabarlarni inkor etdi
Italiyalik mutaxassis ushbu vaziyatga to‘xtalar ekan, yulduz hujumchiga to‘liq ishonishini ma’lum qildi.
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti navbatdagi matbuot anjumanida hujumchi Neymarning Jahon chempionati uchun mo‘ljallangan yakuniy qaydnomadan chiqarilmasligini rasman tasdiqladi.
Avvalroq, OAVda futbolchining jarohat olgani, shu sababli yaqin oradagi o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazib yuborishi va taxminan 2-3 hafta davomida tiklanish jarayonini o‘tashi haqida xabarlar tarqalgan edi. Bu esa uning mundialni o‘tkazib yuborishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga sabab bo‘lgandi.
Italiyalik mutaxassis ushbu vaziyatga to‘xtalar ekan, yulduz hujumchiga to‘liq ishonishini ma’lum qildi.
“Biz Neymarning Marokash terma jamoasiga qarshi kechadigan Jahon chempionatining ilk bahsidayoq maydonga tushishidan umidvormiz. Agar u birinchi o‘yingacha tiklanishga ulgurmasa, uni ikkinchi tur uchrashuvida maydonda ko‘rishni kutamiz. Tarkibda hech qanday o‘zgartirishlar amalga oshirilmaydi — qaydnomadan joy olgan 26 nafar futbolchining barchasi musobaqada ishtirok etadi”, — deya ta’kidladi Anchelotti.