Kanada terma jamoasi JCh-2026 musobaqasi uchun yakuniy tarkibini e’lon qildi
Kanada terma jamoasi turnir startidan avval, 2-iyun kuni Edmontonda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
Kanada futbol assotsiatsiyasi joriy yilgi jahon chempionatida mamlakat sharafini himoya qiladigan 26 nafar futbolchidan iborat yakuniy ro‘yxatni o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Musobaqaga mezbonlik qiluvchi uchta mamlakatdan biri hisoblangan Kanada terma jamoasi bosh murabbiyi Jessi Marsh o‘z uyida o‘tadigan tarixiy mundial uchun eng kuchli tarkibni shakllantirgan. Tarkibdan Yevropaning yetakchi klublarida, xususan, «Bavariya» va «Yuventus» safida to‘p surayotgan jahon darajasidagi yulduzlar hamda Shimoliy Amerikaning MLS ligasi vakillari joy olgan.
Kanada milliy terma jamoasining JCh-2026 uchun rasmiy qaydnomasi quyidagicha ko‘rinish olgan:
Darvozabonlar:
Maksim Krepo («Orlando Siti»), Ouen Gudman («Kristal Pelas», Angliya), Deyn Sen Kler («Inter Mayami»).
Himoyachilar:
Moyze Bombito («Nitssa», Fransiya), Derek Kornelius («Olimpik» Marsel, Fransiya), Alfonso Devis («Bavariya», Germaniya), Lyuk De Fujerol («Fulxem», Angliya), Alister Djinston («Seltik», Shotlandiya), Alfi Djons («Midlsbro», Angliya), Richi Laryi («Toronto»), Niko Sigur («Xayduk» Split, Xorvatiya), Joel Uoterman («Chikago Fayr»).
Yarim himoyachilar:
Ali Axmed («Norvich Siti», Angliya), Teyjon Byukenen («Vilyarreal», Ispaniya), Matyo Shuanyer («Los-Anjeles»), Stefen Eushtakiu («Portu», Portugaliya), Marselo Flores («UANL Tigres», Meksika), Ismael Kone («Sassuolo», Italiya), Liam Millar («Xall Siti», Angliya), Xonatan Osorio («Toronto»), Natan-Dilan Saliba («Anderlext», Belgiya), Jeykob Shaffelburg («Los-Anjeles»).
Hujumchilar:
Jonatan Devid («Yuventus», Italiya), Promis Devid («Yunion Sent-Jillua», Belgiya), Kayl Larin («Malorka», Ispaniya), Tani Oluvaseyi («Vilyarreal», Ispaniya).
Qur’a natijalariga ko‘ra, Kanada milliy terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichida «B» guruhidan joy olgan bo‘lib, keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun Bosniya va Gersegovina, Qatar hamda Shvetsariya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Kanada terma jamoasi turnir startidan avval, 2-iyun kuni Edmontonda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi rasmiy o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.