Karate sportining rivoji muhokama qilindi
Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston karate WKF federatsiyasining yangi saylangan rahbariyati va mutaxassislar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston karate WKF federatsiyasi raisi Rashid Talipov mamlakatimizda karate rivojini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida oldinda turgan musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, joriy yil 29 sentyabr – 2 oktyabr kunlari Chirchiq shahrida o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Unda har bir hududdan sportchi va hakamlarning ishtirokini ta’minlash, ular uchun barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, mutasaddilar tomonidan kelgusida hududlardagi hakamlarning malakasini oshirish bo‘yicha seminarlar tashkil qilish, seleksiya ishlariga ahamiyat qaratish xususida takliflar ilgari surildi.

Muloqot yakunida dekabr oyida Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ishlari ko‘rib chiqildi. Har bir mutaxassisga o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashgan holda yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘zA