Kambag‘allikni qisqartirish — xonadondan boshlanadi
Kambag‘allikni qisqartirish har bir oilaning turmushiga chuqur kirib borish, uning haqiqiy ehtiyoj va imkoniyatlarini o‘rganishdan boshlanadi. Zero, har bir xonadonning muammosi, sharoiti va ehtiyoji turlicha. Biri ish o‘rniga, boshqasi kasb-hunarga, yana biri esa tibbiy yoki huquqiy ko‘makka muhtoj bo‘lishi mumkin. Shu bois bugun aholi bilan ishlashda umumiy yondashuvdan ko‘ra, insonning aniq holatidan kelib chiqib, manzilli yechim topishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham aynan shu masalaga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda ayrim hududlarda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hali kutilgan natijani bermayotgani tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, aholiga faqat kredit yoki moddiy yordam ajratish bilan cheklanib qolmay, ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, bozor topish, kasb o‘rganish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, biznes-reja tuzish va mahsulotini sotish zanjiriga chiqishda ham amaliy ko‘mak berish zarur. Zero, kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li insonni bir martalik yordamga emas, o‘z mehnati va imkoniyati orqali barqaror daromad topishga yo‘naltirishdir.
Boyovut tumanida xotin-qizlar bilan ishlash jarayonida amalga oshirilayotgan xonadonbay o‘rganishlar ham ana shu vazifalarning joylardagi amaliy ifodasi bo‘lmoqda. Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Narigul Tojiboyeva tumandagi “O‘zbekiston”, “Markaz”, “Alisher Navoiy” va “Iftixor” mahallalarida bo‘lib, Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D. Kattaxonovaning sayyor qabulida murojaat qilgan fuqarolar xonadonlariga shaxsan tashrif buyurib, ularning muammolarini joyida o‘rgandi.

E’tiborlisi, bu jarayonda muammoni qog‘ozda qayd etish bilan cheklanilmadi. Har bir oilaning ijtimoiy holati, ehtiyojlari, mavjud imkoniyatlari va yechimini kutayotgan masalalari xonadonning o‘zida o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar belgilandi.
Jumladan, “O‘zbekiston” mahallasi, Istiqlol ko‘chasidagi 22-uyda yashovchi Maqsuda Jo‘labekovaning jarrohlik amaliyotiga ehtiyojidan kelib chiqib, unga tibbiy order berish va davolanish jarayonini muvofiqlashtirish choralari ko‘rildi. “Markaz” mahallasining Bahor ko‘chasidagi 5-uyda istiqomat qiluvchi Naziraxon Asqarovaning huquqiy masaladagi murojaati o‘rganilib, zarur tushuntirish va amaliy yordam berildi.
“Alisher Navoiy” mahallasining O‘qituvchilar ko‘chasidagi 33-uyda yashovchi Malika Xolmatovaning mehnat munosabatlari va bandlik bilan bog‘liq murojaati ham joyida o‘rganildi. “Iftixor” mahallasining Kashfiyot ko‘chasidagi 11-uyda yashovchi Mahbuba Ma’murovaning yurak xastaligi bilan bog‘liq murojaati yuzasidan esa tibbiy yordam ko‘rsatish va davolanish masalasi nazoratga olindi.

Muloqotlar davomida fuqarolarga huquqiy va amaliy maslahatlar berildi. Shu bilan birga, mahallalarda “xotin-qizlar balansi”ni shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan anketa-so‘rovnomalari jarayoni ham ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
Bunday balansni shakllantirishdan asosiy maqsad — har bir ayolning ijtimoiy holati, qiziqishi, qobiliyati va ehtiyojini aniq bilish, muammosini oldindan ko‘rish hamda unga mos manzilli yechim taklif etishdir. Chunki bir oila uchun moddiy ko‘mak zarur bo‘lsa, boshqasiga kasb o‘rganish, uchinchisiga ish topish, yana biriga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun amaliy maslahat va yo‘l-yo‘riq kerak bo‘lishi mumkin.
Shu nuqtayi nazardan, xonadonbay ishlash shunchaki o‘rganish emas, balki inson hayotida o‘zgarishlarga olib kelishi lozim bo‘lgan tizimli jarayondir. Bugungi yondashuvning asosiy mezoni — qancha yordam ko‘rsatilganida emas, balki bu yordam natijasida inson hayotida qanday ijobiy o‘zgarish yuz berganida. Xotin-qiz ishli bo‘ldimi, oilada barqaror daromad manbai paydo bo‘ldimi, kasb o‘rgangan fuqaro o‘z mehnati bilan daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ldimi — xonadonbay ishlashning haqiqiy samarasi aynan shu natijalarda namoyon bo‘ladi. Bu jarayon yoshlar bilan ishlashda ham o‘z ifodasini topmoqda. Tumanning “Markaz” mahallasida “Erta nikoh va erta tug‘ruqning oldini olish” mavzusida tashkil etilgan uchrashuvda yoshlarga erta nikohning huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy oqibatlari tushuntirildi. Ayniqsa, ta’limni davom ettirish, kasb egallash, mustaqil hayotga tayyorgarlik ko‘rish va kelajakda mustahkam oila qurish masalalari yuzasidan ochiq muloqot qilindi.
Muloqot chog‘ida yoshlarga o‘zaro hurmat, mas’uliyat, huquq va burchlar, farzand tarbiyasiga tayyorgarlik hamda sog‘lom oilaviy muhit masalalarida tushunchalar berildi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi. Zero, yoshlarning bilim va kasb-hunarga ega bo‘lishi, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi nafaqat ularning shaxsiy kelajagi, balki oila farovonligi va jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlashda bugungi muammolarni bartaraf etish bilan birga, kelajakdagi ijtimoiy xavflarning oldini olishga ham e’tibor qaratilmoqda.

Boyovut tumanida murojaatlarni joyida o‘rganish, xotin-qizlarning ijtimoiy ahvolini aniqlash, ularning bandligi va daromad manbalarini kengaytirish imkoniyatlarini izlash, yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish hamda har bir masalaning amaliy yechimini topishga yo‘naltirilgan ishlar inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yagona tizimning muhim bo‘g‘inidir. Har bir murojaatning ijobiy hal etilishi, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi va ko‘rsatilayotgan yordamning samaradorligi Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan shaxsan nazoratga olingan.
Eng muhimi, xonadonbay ishlash orqali muammoning oqibati bilan emas, balki uning sababi bilan kurashish imkoniyati yuzaga kelmoqda. Bu esa kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini ta’minlash hamda yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, farovonlik avvalo oilada shakllanadi. Xonadondagi har bir muammo o‘z vaqtida aniqlanib, insonning imkoniyatlari to‘g‘ri yo‘naltirilsa, nafaqat bir oilaning, balki butun mahallaning iqtisodiy va ijtimoiy muhiti o‘zgaradi. Shu ma’noda, kambag‘allikni qisqartirishning eng to‘g‘ri yo‘li — insonni qo‘llab-quvvatlash, unga imkoniyat yaratish va o‘z mehnati bilan munosib hayot kechirishi uchun ishonchli sharoit yaratishdan iborat.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri