Biznes-ombudsman va OTB qo‘shma ekspertlik guruhini tuzish tashabbusi ilgari surildi
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish va ularning murojaatlari bilan ishlash borasidagi islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) Abdumannop Bo‘riyev Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi.
Kanokpan Lao-Araya Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasidagi ishlarni yuqori baholab, ikki tashkilot maqsadlari mushtarak ekanini ta’kidladi.
Muloqotda hamkorlikning to‘rtta ustuvor yo‘nalishi muhokama qilindi. Xususan, xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘quv tadbirlarini o‘tkazish orqali xodimlar salohiyatini oshirish, OTBning tahliliy imkoniyatlaridan foydalangan holda murojaatlarni birgalikda o‘rganish va qo‘shma hisobotlar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha huquqiy, moliyaviy va raqamli savodxonlikni oshirish hamda mentorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, biznes tartib-taomillarini yengillashtirish va normativ talablarni tahlil qilish uchun Biznes-ombudsman va OTB mutaxassislaridan iborat qo‘shma ekspertlik guruhini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA