Hududlar ozodaligini ta’minlayotgan xodimlar rag‘batlantirilmoqda
Atrof-muhit ozodaligini ta’minlash, chiqindilarni boshqarish va hududlarni obod saqlashda sanitar tozalash hamda obodonlashtirish sohasi xodimlarining mehnati muhim o‘rin tutadi. Ularning kundalik faoliyatini e’tirof etish va samarali mehnatini rag‘batlantirish maqsadida respublika bo‘ylab xodimlarga velosipedlar topshirildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan ajratilgan 100 dona velosiped respublikaning barcha hududlariga tarqatilmoqda. Rag‘batlantirishga uzoq yillardan buyon sohada samarali mehnat qilib, tabiatni asrash, chiqindilarni boshqarish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida tashabbus ko‘rsatib kelayotgan xodimlar munosib ko‘rildi, deyiladi agentlik ma’lumotida.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 nafar, Andijon viloyatida 9 nafar, Buxoro viloyatida 6 nafar, Navoiy viloyatida 4 nafar, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarining har birida 9 nafardan, Namangan viloyatida esa 8 nafar xodim velosiped bilan rag‘batlantirildi.
Hozirda respublikaning boshqa hududlarida ham ushbu yo‘nalishda rag‘batlantirish tadbirlari davom etmoqda.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA