Yangiobodda yillar davomida kutilgan o‘zgarishlar
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi Yangiobod mahallasida aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Obod mahalla, avvalo, odamlarning kundalik hayotidagi qulayliklar, yillar davomida yechimini kutayotgan muammolarning bartaraf etilishi bilan qadrli.
Ichimlik suvi, barqaror elektr ta’minoti, ravon yo‘llar va zamonaviy maktab – munosib turmushning muhim shartlari. G‘uzor tumanidagi Yangiobod mahallasida bugun ana shu ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 28-martdagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida qariyb 7 ming nafar aholi istiqomat qiladigan hudud infratuzilmasi yangilanmoqda.
Yangiobodliklar uchun eng muhim yangiliklardan biri ichimlik suvi muammosining hal etilayotganidir. Mahallada yangi suv tarmoqlarini barpo etish uchun 5 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda.
Mahalla faxriysi Rustam Rahmonov bu yerda 50 yildan buyon yashaydi. Uning aytishicha, shu vaqt davomida aholi suvni maxsus quduqlarga to‘plab, kundalik ehtiyojlari uchun foydalanib kelgan.
– Yarim asrki, mahallamizga ichimlik suvi kelishini kutdik. Bir necha bor murojaat qildik, mutaxassislar kelib, katta mablag‘ kerakligini aytib ketishgan. Keyinchalik umidimiz ham so‘na boshlagan edi. Endi esa suv tarmoqlari tortilayotganini ko‘rib, bir umrlik orzumiz amalga oshayotganidan quvonyapmiz. Eng muhimi, bu sharoitlardan farzandlarimiz va nabiralarimiz ham foydalanadi, – deydi u.

Darhaqiqat, ichimlik suvi ta’minotining yaxshilanishi nafaqat kundalik ehtiyojni qondirish, balki xonadonlardagi tashvishlarni kamaytirish va aholi turmush sifatini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega.
Mahallada elektr ta’minoti barqarorligini oshirish uchun 5,8 milliard so‘mlik ishlar rejalashtirilgan. Loyiha doirasida yangi transformatorlar o‘rnatilib, 890 ta beton elektr ustuni yangilanadi va 35,5 kilometr elektr uzatish tarmoqlari tortiladi.
– Bu ishlar mavjud infratuzilmani zamonaviy talablarga moslashtirish va aholini elektr energiyasi bilan yanada ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi mahalla raisi Ulug‘bek Yo‘ldoshov.

Elektr tarmoqlarining yangilanishi, ayniqsa, ob-havo noqulay keladigan mavsumlarda muhim. Zero, barqaror elektr ta’minoti xonadonlar bilan birga ta’lim va tadbirkorlik faoliyati uchun ham zarur.
Yillar davomida yechimini kutayotgan yana bir masala – ichki yo‘llar holati. Mahalladagi to‘rtta qishloqda ham ilgari asfalt yo‘llar bo‘lmagan. Aholi ayrim joylarni hashar yo‘li bilan tartibga keltirishga uringan, biroq bu vaqtinchalik yechim bo‘lib qolgan.
– To‘rtta qishlog‘imizda ham biror marta asfalt yo‘l bo‘lmagan. Bu yil deyarli barcha ichki yo‘llar ta’mirlanishini eshitib, juda xursandmiz. Yo‘l soz bo‘lsa, odamlarning mashaqqati kamayadi, – deydi mahalla nuroniysi Hasan Rajabov.

Loyiha doirasida 14 kilometr ichki yo‘lni asfaltlash uchun 9,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Shuningdek, 350 million so‘mlik bir kilometr zamonaviy piyodalar yo‘lakchasi barpo etiladi.
Bu ishlar transport qatnovini yaxshilash, aholining harakatlanishini yengillashtirish va piyodalar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yangiobodda yoshlar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan. Xususan, 330 o‘rinli zamonaviy maktab va sport majmuasini barpo etish rejalashtirilgan. Hozirda maktab bo‘yicha loyiha hujjatlari shakllantirilmoqda.

Yangi ta’lim maskani yoshlarning sifatli bilim olishi, qobiliyatini namoyon etishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratishi kutilmoqda.
– Yoshligimizdagi sharoit bilan bugungi kunni solishtirib bo‘lmaydi. Farzandlarimiz, nabiralarimiz yaxshi sharoitda yashashini istaymiz. Mahallamizga suv kelishi, yo‘llarning asfaltlanishi, elektr tarmoqlarining yangilanishi, yangi maktab qurilishi, bularning barchasi biz uchun katta voqea. Eng muhimi, bu ishlar kelajak uchun qilinmoqda, – deydi Hasan Rajabov.
Mahalladagi o‘zgarishlar infratuzilmani yaxshilash bilan birga aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan ishlar bilan ham uyg‘unlashmoqda.
Mahalla hokim yordamchisi Sanjar G‘aybullayevning ma’lum qilishicha, hududda kambag‘allik darajasi 2,7 foizga tushgan.

Umuman, Yangiobodda ichimlik suvi ta’minoti uchun 5 milliard so‘m, elektr tarmoqlarini yangilashga 5,8 milliard so‘m, ichki yo‘llarni asfaltlashga 9,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Bundan tashqari, piyodalar yo‘lakchasi va 330 o‘rinli maktab qurilishi rejalashtirilgan.
Ushbu loyihalarning ahamiyati shundaki, ular aholining bir-biri bilan uzviy bog‘liq ehtiyojlarini qamrab olgan. Suv ta’minoti yaxshilansa, xonadonlardagi tashvish kamayadi, elektr tarmoqlari yangilansa, kundalik hayot va tadbirkorlik uchun qulaylik ortadi, yo‘llar ravonlashsa, harakatlanish osonlashadi. Yangi maktab esa yoshlar kelajagi uchun muhim qadam bo‘ladi.
Eng asosiysi, yillar davomida oddiy orzu bo‘lib kelgan ehtiyojlar bugun aniq loyihalarga aylanmoqda. Zero, mahalla obodligi faqat yangi inshootlar yoki asfalt yo‘llar bilan emas, balki odamlarning hayoti qanchalik yengillashgani va ertangi kunga ishonchi bilan ham belgilanadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri