Jurnalistlar sanitariya xizmati faoliyati bilan tanishdi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan jamoatchilikni sohaga oid amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish, tizim faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida jurnalistlar, OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq faollari ishtirokida press-tur hamda matbuot anjumani tashkil etildi.
Dastlab, tadbir ishtirokchilari boshqarma tizimidagi laboratoriyalar, vaksina saqlash omborxonasi hamda sanitariya nazorati yo‘nalishlarida olib borilayotgan amaliy ishlar bilan tanishdi. Laboratoriyalarda olib borilayotgan tekshiruv jarayonlari, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi ustidan nazorat, sanitariya-gigiyena yo‘nalishidagi tahlillar hamda zamonaviy laboratoriya uskunalarining ishlash jarayonlari amaliy tarzda namoyish etildi. Shuningdek, vaksinalarni saqlash va tashish tizimi, epidemiologik barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar, aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar yuzasidan mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.
[gallery-29681]
Tadbirning keyingi qismida tashkil etilgan matbuot anjumanida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish, profilaktik emlash tadbirlarini samarali tashkil etish, aholining sanitariya madaniyatini yuksaltirish hamda sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi. Xususan, boshqarma tizimida xizmatlarni raqamlashtirish, elektron monitoring platformalari, vaksina logistikasini elektron boshqarish tizimlari hamda sanitariya nazorati faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi. Tadbir ochiq muloqot va konstruktiv fikr almashish ruhida o‘tdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA