Qurbon hayiti kuni ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirildi
Qurbon hayiti bayram qilinadigan ushbu muborak kunlarda Jizzax go‘yo mehrning ulkan manziliga aylandi. Vohaning har bir mahallasida nuroniylar duosi, ehtiyojmand oilalarning minnatdor nigohlari, bolajonlar chehrasidagi quvonch va saxovatpesha insonlarning samimiy qadamlari bir-biriga uyg‘unlashib, ezgulikning betakror manzarasini yaratmoqda. Bu — Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash davlat siyosatining bosh mezoniga aylanganining hayotiy ifodasidir.
Jizzax shahridagi “O‘ratepalik” va “Sayiljoyi” mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilgan xayr-saxovat tadbirlari ana shu yuksak e’tiborning amaliy namunasi bo‘ldi. Mahalla “yettiligi”, imom-xatiblar, faollar va nuroniylar ehtiyojmand xonadonlarga kirib bordi. Yolg‘iz keksalar holidan xabar olindi, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga ko‘mak ko‘rsatildi, muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi. Eng muhimi, bu xonadonlarga faqat oziq-ovqat emas, mehr kirib bordi. Samimiy suhbatlar, duoga yo‘g‘rilgan ezgu tilaklar inson qalbidagi umid chiroqlarini yanada yorqinroq yoqdi.

Ayniqsa, Jizzax shahrida “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali 1072 nafar davlat ta’minotidagi oila, shuningdek, 90 nafar o‘zgalar ko‘magiga muhtoj yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga — jami 1172 nafar ehtiyojmand xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgani xayriya tadbirlarining ko‘lami va ta’sirini yaqqol namoyon etdi. Bu raqamlar ortida esa minglab insonlarning duosi, ko‘nglida uyg‘ongan ishonch va ertangi kunga umidi mujassam.
Vohaning janubidagi Yangiobod tumanida ham Qurbon hayiti munosabati bilan amalga oshirilayotgan saxovat tadbirlari odamiylik va bag‘rikenglikning yorqin timsoliga aylandi.

Tuman hokimligi, mahalla faollari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida ehtiyojmand oilalar xonadonlariga tashriflar uyushtirilib, ularning dardu tashvishlari tinglanmoqda. “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Jami 240 nafar ehtiyojmand xonadonga bayram sovg‘alari yetkazib berildi. Bu xayrli ishlar Yangiobod tog‘lari bag‘rida insoniylik, mehr va oqibatning yana bir yuksak timsolini namoyon etmoqda.
Viloyat shimolidagi Mirzacho‘l tumanida ham ezgulik karvoni izchil davom etdi. Bu yerda 235 nafar davlat ta’minotidagi oila hamda 49 nafar o‘zgalar ko‘magiga muhtoj va yolg‘iz yashovchi keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga — jami 284 nafar ehtiyojmand xonadonga “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. “Ipak yo‘li” mahallasida o‘tkazilgan saxovat tadbirlari esa xalqimizga xos mehr-oqibat va hamjihatlik fazilatlarini yana bir bor namoyon qildi.

Eng muhimi, Mirzacho‘lda og‘ir kasalliklarga chalingan bolajonlarning jarrohlik amaliyotlari va davolanish xarajatlarini bepul amalga oshirish uchun vaucherlar taqdim etilgani ko‘plab oilalar qalbiga umid va ishonch olib kirdi. Zotan, bola kulgisi yangragan xonadonda hayotga muhabbat so‘nmaydi.
G‘allaorol tumanida amalga oshirilgan xayrli ishlar ham odamlarning qalbida cheksiz mamnuniyat tuyg‘usini uyg‘otmoqda. Tuman hokimi tomonidan G‘o‘bdin va Yashnaobod mahallalarida yashovchi ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga mehr va e’tibor ko‘rsatildi. Bu tashriflar quruq rasmiyat emas, balki inson dardiga sherik bo‘lish, ko‘ngilga suyanch berishdek yuksak fazilat ifodasi sifatida ahamiyat kasb etdi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Buloqboshi mahallasida istiqomat qiluvchi I guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro B. Xidirovning uy-joyi to‘liq ta’mirlandi. Oqtom mahallasida yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Z. Ahmedovaning xonadonida esa zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar asosida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu sa’y-harakatlar orqali nafaqat uylar yangilandi, balki insonlarning yashashga bo‘lgan ishonchi, ertangi kunga umidi ham mustahkamlandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri