Jurnalistik surishtiruv: Farg‘onada benzin narxi qancha?
bugungi kunda Farg‘ona viloyatida ham avtoulovlar ancha ko‘paygan. Qishning sovuq kunlarida unga yoqilg‘i quyish muammo. Xo‘sh, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzinning narxi qancha? Uning sun’iy oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmayaptimi? Holatni o‘rganish uchun Farg‘ona shahri va unga tutash hududlardagi bir necha AYOQSHlarga bordik.
Shahar chetidagi “Sardor-Saidabror” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli shoxobchada o‘nga yaqin mashina navbat kutib turibdi. AI-80 markali benzin 5900 so‘mdan sotilmoqda.
–Kecha 10 ming litr sotdik, bugun ham shuncha olib kelganmiz, boshqa markali benzin sotmayapmiz, – deydi jamiyat rahbari Alisher Karabayev. – Idishlarga sotish yo‘q. Birja savdolarida benzinning boshlang‘ich narxidan faqat 5 foizgacha qimmat sotish mumkinligi belgilangani narxning haddan tashqari ortib ketishini oldini olyapti. Uning aytishicha, tadbirkorlar uchun qimmat benzinni kam sotgandan ko‘ra, arzon yoqilg‘ini ko‘proq sotish foydaliroq.
“Oltiariq Kamoldin Fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli shoxobchaning esa darvozalari yopiq. Uning rahbari Umidjon Turg‘unov bir kun oldin 10 ming litr AI-80 markali benzin olib kelib sotilgani, yana shuncha olib kelish harakatida ekanini aytdi.
– Ertalab soat 7 dan kech soat 19 gacha 5700 so‘mdan sotdik. Haydovchilar xursand bo‘lishdi, – deydi u.
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “UNG Petro” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchasidamiz. Bu yerda AI-80 markali benzin soat 10:00 da tugagan, lekin AI-92 markali benzinni bemalol quyish mumkin. Har litrining narxi 9500 so‘mdan. Nisbatan arzon benzin kelishini kutuvchilar ham, qimmat yoqilig‘ini quyayotganlar ham bisyor.
[gallery-9992]
–Kecha keltirilgan AI-80 hozir tugadi. Yuk mashinamiz hozir zavodda navbatda turibdi. Tushdan keyin yetkazib kelamiz, – deydi jamiyat bosh mutaxassisi Ahmadjon Davlatov. – Kecha 22 ming litr edi, bugun 30 ming litr olib kelinadi. Narxi 5700 so‘mdan.
Shu payt yonimizga kelgan otaxon gap boshladi:
– Kecha navbatga turganman, menga kelganda tugab qoldi. Mashinamda nevaralarni bog‘cha, maktabga olib borib kelaman xolos. Bakni bir to‘ldirib olsam, bo‘ldi. O‘zim neftni qayta ishlash zavodida ishlab pensiyaga chiqqanman. Atayin benzinga kelsang-u, yo‘q bo‘lsa alam qilarkan, – deydi Farg‘ona shahar Sharshara ko‘chasida yashovchi Tolibjon O‘lmasov.
Shoxobchadan 50 metr narida esa 5-10 litrlik idishlardagi benzinni 7000 so‘mdan sotayotgan “tadbirkor”ning bozori chaqqon... Afsuski, bizni ko‘rib, u darrov idishlarini yig‘ishtirib, ketib qoldi. AI-80 benzin kelishini kutayotgan haydovchilarni suhbatga tortdik.
– AI-80 benzinni AI-92 deb sotish hollari ham uchrab turibdi. Mashina dvigateli kuchanib ishlashidan, yoqimsiz hididan sezib qolasan. Axir, yoqilg‘i markasini tekshirishning iloji bo‘lmasa... 5700 so‘mlik benzinni 9500 so‘mdan pullashmayaptimi, degan hadik bor, – deydi ular bir-biriga navbat bermay.
Suhbatga “UNG Petro” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh mutaxassisi Ahmadjon Davlatov aralashdi:
– Bu fikrlarga qo‘shilmayman. Neft mahsulotlarini nazorat qilish inspeksiyasi mutasaddilari kelishib, sotilayotgan yoqilg‘idan har kuni ikki marta proba (sinama) olib, sifatini tekshirishadi va tegishli hujjatlarni yuritishadi. Shundan so‘nggina rahbariyat ruxsat beradi va biz sotishni boshlaymiz.
– Fikrimcha, AI-80 markali benzin taqchilligini bartaraf etish uchun ma’lum cheklov qo‘yish kerak, shekilli. Masalan, 20 litrdan ortiq quyilmasin, – deydi shoxobchada operator bo‘lib ishlovchi Omonjon Rahmonov. – Shunda ko‘proq haydovchilarning iste’moli qondiriladi.
Xullas, avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklov o‘rnatilishi ortidan “benzin zapravkalari”da o‘ziga xos “jonlanish” bo‘y ko‘rsatmoqda. Vaqtinchalik qish-qirovli kunlarda kimdir o‘z manfaatini ko‘zlab, vijdonini-da sotishga tushgan, kimlardir navbat kutib jig‘i-biyroni chiqqan. Nima bo‘lganda ham xalqimiz roziligini birinchi o‘ringa qo‘yish, aholiga imkon qadar nisbatan arzon benzin yetkazib berish – bugungi kunning dolzarb vazifasi. Nafaqat vazifa, balki sinovdir!
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA