Jizzaxlik olimlarning transport loyihasi xalqaro haftalikda g‘olib bo‘ldi
Jizzax politexnika instituti olimlarining transport tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihasi «InnoWyeek–2026» haftaligida g‘olib bo‘ldi. Ozarbayjon texnika universiteti bilan hamkorlikda tayyorlangan ushbu ishlanma 1,8 milliard so‘mdan ziyod grant mablag‘ini qo‘lga kiritdi.
Poytaxtimizda “O‘zgarayotgan dunyo uchun ilg‘or innovatsiyalar” shiori ostida o‘tkazilayotgan “InnoWeek–2026” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligida Jizzax politexnika instituti vakillari ham munosib ishtirok etmoqda.
Haftalik doirasida davlat buyurtmasi asosida o‘tkazilgan ilmiy loyihalar tanlovi natijalariga ko‘ra, institut olimlari Ozarbayjon texnika universiteti bilan hamkorlikda tayyorlagan amaliy ishlanma g‘oliblar safidan joy oldi. Tadbir davomida mazkur yutuqni tasdiqlovchi sertifikat institut vakillariga tantanali ravishda topshirildi.


“Aholi uchun qulay va inklyuziv harakatchanlik – transport tarmog‘i rejasini takomillashtirish [shahar transport harakatchanligini tadqiq etuvchi dasturiy majmua ishlab chiqish]” deb nomlangan loyiha shaharlarda transport harakatini samarali tashkil etishga qaratilgan.


Loyiha doirasida shahar transporti harakati chuqur tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud tarmoqlar faoliyatini takomillashtirish hamda aholi uchun qulay harakatlanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi dasturiy ta’minot yaratiladi.

Loyihaning moliyaviy qiymati 1 milliard 869 million so‘mga teng. Ishlanmaning amaliy yo‘nalishi transport infratuzilmasini rejalashtirishda tahliliy yondashuvlarni qo‘llash va harakatlanish imkoniyatlarini yanada qulaylashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu natija institutda ilmiy izlanishlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan faoliyatning navbatdagi samarasi bo‘ldi. Loyihaning haftalikda e’tirof etilishi oliy ta’lim muassasasidagi ilmiy ishlanmalarning amaliy ahamiyatini ham namoyon etdi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri