"InnoWeek-2026": texnologiyalar, startaplar va istiqbolli tashabbuslar
Poytaxtimizdagi "CAEx Uzbekistan" xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida "InnoWeek-2026" xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan haftalikda 30 dan ortiq davlatdan 200 nafarga yaqin vakil, 50 ga yaqin xalqaro kompaniya, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari va boshqa hamkorlar ishtirok etmoqda.
Haftalikning asosiy yo‘nalishlaridan biri innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasidir. 15 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etilgan ko‘rgazmada jami 265 ta eksponent, jumladan, 225 ta mahalliy va 40 ta xorijiy ishtirokchi o‘z mahsulot va ishlanmalarini taqdim etmoqda. Ko‘rgazma hududida 12 ta blok va 240 ta stend tashkil etilib, 750 ta innovatsion mahsulot namoyish qilinmoqda.
Ko‘rgazmada oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, innovatsion tadbirkorlik sub’ektlari, spin-off kompaniyalar, yosh startapchilar, Yashnobod texnoparki va hududiy yoshlar texnoparklari, Jahon bankining "MUNIS" loyihasi ishtirokchilari, ixtirochilar va ratsionalizatorlar o‘z ishlanmalarini namoyish etyapti. Shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Germaniya, Vengriya va Qozog‘iston vakillari ham o‘z texnologiyalari va innovatsion yechimlarini taqdim etmoqda. Bu ishtirokchilarga mahalliy ishlanmalar bilan tanishish, xorijiy tajribani o‘rganish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Toshkent amaliy fanlar universiteti rektorining IT bo‘yicha maslahatchisi Muhammad Muso Xo‘jaqulovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur oliy dargoh jamoasi ta’limda imtihon jarayonlarining shaffofligini ta’minlovchi proktoring platformasi, turli gazlarni aniqlovchi analizatorlar, maxsus qoplama kabi ishlanmalarni taqdim etmoqda.
– Proktoring platformasi imtihon jarayonini kuzatib, belgilangan mezonlar asosida qoidabuzarliklarni aniqlaydi va ogohlantirish beradi. Uch marta ogohlantirishdan keyin ishtirokchini imtihondan chiqarish imkoniyati mavjud. Bu boradagi startapimiz Turkiya va Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan.
Gaz analizatorlarimiz metan, butan, propan kabi turli gazlarni aniqlashga mo‘ljallangan. Datchiklar orqali gaz holatini kuzatish, masofadan turib boshqarish va xavfli holatlarda ogohlantirish olish mumkin. Qurilmalarni xonadonlar va sanoat korxonalarida ishlatish mumkin. Ularning ayrim turlari sinovdan o‘tkazilgan. Shunga o‘xshash Germaniyada ishlab chiqariladigan qurilmalar narxi 30 ming dollardan oshadi, biz esa o‘z ishlanmamizni qariyb uch baravar arzon narxda taklif etishga erishdik.
[gallery-32228]
Yana bir ishlanmamiz esa issiqlik tarqalishini kamaytiruvchi maxsus qoplama. U inson va texnikaning dronlar hamda teplovizorlar orqali aniqlanishini qiyinlashtirishga mo‘ljallangan. Mahsulot joriy yilda ishlab chiqilib, Iordaniyada sinovdan o‘tkazildi va ijobiy natijalar qayd etildi. Hozir bu yo‘nalishda buyurtmalar ham mavjud.
Umuman, "O‘zgarayotgan dunyo uchun innovatsiyalar" shiori ostidagi mazkur ko‘rgazmada taqdim etilgan ishlanmalarimiz ta’limda shaffoflikni ta’minlash, gaz bilan bog‘liq xavflarni aniqlash va harbiy sohada insonlarni himoya qilish kabi muhim vazifalarga qaratilgan, – dedi u.
Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan ishlanmalar ta’lim, sanoat, axborot texnologiyalari va xavfsizlik kabi turli sohalardagi dolzarb masalalarga yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ularning ayrimlari kundalik faoliyatdagi muammolarni hal etishga xizmat qilsa, boshqalari korxonalar samaradorligini oshirish va yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shu jihatdan, haftalik nafaqat innovatsion mahsulotlarni namoyish etish, balki ularni amaliyotga tatbiq qilish va tijoratlashtirish uchun ham muhim maydon hisoblanadi.
"Unique Resolution Development" kompaniyasi vakili Salohiddin Sodiqovning qayd etishicha, Bilar loyihasi mijozlar va xodimlar o‘rtasidagi telefon qo‘ng‘iroqlari hamda oflayn muloqotlarni yozib olish, tahlil qilish va natijalarni rahbarlarga yetkazishga qaratilgan.
– Buning natijasida korxonalar mijozlarning xohish va talablarini o‘rganib, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mahsulotlarini takomillashtirish va xodimlar malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hozirgi kunda loyihamiz amaliyotga tatbiq etilgan. Tizim qo‘ng‘iroqlarni yozib olish va tahlil qilishdan tashqari, o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlar haqida ham ma’lumot beradi. Rahbar boshqaruv paneli orqali kiruvchi va chiquvchi qo‘ng‘iroqlar sonini, nechta qo‘ng‘iroqqa javob berilmaganini, mijozlardan qaysi biri qayta aloqaga chiqqanini va qaysi holatlarda qayta qo‘ng‘iroq qilinmaganini kuzatishi mumkin. Bu esa mijozlar bilan ishlashdagi kamchiliklarni aniqlash va xizmat sifatini yaxshilashga yordam beradi. "InnoWeek" haftaligida birinchi marta ishtirok etyapmiz. Ko‘rgazma loyihamizni kengroq auditoriyaga tanitish va yangi hamkorlar topish uchun ham imkoniyat yaratadi, – dedi S.Sodiqov.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA