Jizzaxda g‘alabaga chanqoq avlod tarbiyalanmoqda
Jizzax shahridagi “Kiber arena” sport majmuasi bu gal yoshlar shijoati, matonati va g‘alabaga bo‘lgan intilishini o‘zida mujassam etgan katta sport maydoniga aylandi. “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari doirasida tashkil etilgan “Jizzax viloyati hokimi Olimpiadasi” ning Taekvondo WT va Parataekvondo WT bo‘yicha viloyat bosqichi nafaqat sport bahsi, balki yosh avlod tarbiyasiga qaratilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon sifatida ham ahamiyat kasb etdi.
Musobaqada viloyatning barcha tuman va shaharlaridan kelgan iqtidorli sportchilar qatnashib, g‘alaba uchun murosasiz kurash olib borishdi. Maydonda yosh taekvondochilarning texnik mahorati, chaqqonligi, irodasi va jangovar ruhi yaqqol namoyon bo‘ldi. Ayrim bellashuvlardagi keskin raqobat, tezkor qaror va aniq zarbalar musobaqaning sport darajasi yuksak bo‘lganini ko‘rsatdi.

Eng muhimi, ushbu musobaqalar orqali nafaqat chempionlar, balki o‘z oldiga katta maqsad qo‘yadigan, yurt sha’ni uchun kurashishni faxr deb biladigan yangi avlod shakllanib bormoqda.
Taqdirlash marosimida ishtirok etgan Jizzax viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Nozimjon Usmonov sport sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlarning iqtidorini kashf etishda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Darhaqiqat, bugun mamlakatda sportga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini berayotir. Ayniqsa, olimpiya va paralimpiya harakatiga oid musobaqalarning quyi bo‘g‘indan tizimli tashkil etilayotgani iqtidorli yoshlarni saralab olish, ularni katta sportga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Musobaqada Parataekvondo WT yo‘nalishining ham tashkil etilgani Yangi O‘zbekistonda inklyuziv sport tamoyillari tobora mustahkam qaror topayotganining amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu esa jamiyatda iroda va imkoniyat har qanday cheklovdan ustun ekanini yana bir bor namoyon qildi.

Tadbirda MOQ Jizzax viloyati ijrochi direktori Akmal Ahmedov, Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi ijrochi direktori Jamshid Xo‘jabekov hamda soha mutasaddilari ishtirok etib, respublika bosqichiga yo‘llanma olgan sportchilarga omad va zafarlar tiladi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi. Ammo bu bellashuvda eng katta yutuq medal yoki sovg‘a emas, balki yuragida g‘alabaga ishonch uyg‘ongan yoshlar safining kengayganida bo‘ldi.
Jizzaxda o‘tgan ushbu musobaqa yana bir haqiqatni namoyon qildi: sport maydonlarida chiniqqan avlod — mamlakatning ertangi tayanchi, millat g‘ururi va Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevoridir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri