Baxmalda uch avlod muloqoti
9-may – Xotira va qadrlash kuni
9-may yurtimizda Xotira va qadrlash kuni sifatida inson qadrini ulug‘lash, ajdodlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, tinchlik va osoyishtalik ne’matining qimmatini anglash ruhida keng nishonlanadi. Bu sana nafaqat tarixiy xotirani tiklash, balki bugungi avlod qalbida Vatanga sadoqat va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim ma’naviy omildir.

Mazkur yo‘nalishda davlat siyosati izchil va aniq maqsadga qaratilgan. Xususan, mamlakatimizda Xotira va qadrlash kunini munosib o‘tkazish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib turmush sharoitlarini ta’minlash bo‘yicha Prezident farmon va qarorlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilmoqda. Bu hujjatlar asosida faxriylarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish, ehtirom va e’tiborni yanada kuchaytirish davlat va jamiyatning ustuvor vazifasiga aylangan.
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Chegarachi qahramon Qutlug‘jon Rahmonov tahsil olgan 3-umumta’lim maktabida tashkil etilgan mazkur uchrashuv avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlash, yoshlarda vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qildi.

Tadbirda Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi vakillari, nuroniylar, o‘rta avlod va yoshlar ishtirok etdi. Suhbatlar davomida nuroniylar o‘z hayotiy tajribalari, urush va mehnat yillaridagi saboqlar, tinchlikning bebaho ne’mat ekani haqida samimiy fikrlarini bayon etdilar. Ular yoshlarni Vatanga sadoqatli bo‘lishga, tarixni unutmaslikka, tinchlik qadrini chuqur anglashga chaqirdilar.
Uchrashuv markazida esa Qutlug‘jon Rahmonovning jasorati va fidoyiligi haqidagi xotiralar turdi. Uning Vatan himoyasi yo‘lidagi matonati, yurtga muhabbati yoshlar uchun ibrat maktabi sifatida e’tirof etildi. Bu kabi uchrashuvlar qahramonlar xotirasini abadiylashtirish bilan birga, yangi avlod qalbida milliy g‘urur va mas’uliyat hissini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan she’rlar va vatanparvarlik ruhidagi chiqishlar yig‘ilganlarga alohida ta’sir ko‘rsatdi. Qahramon xotirasiga gullar qo‘yilib, ehtirom bajo keltirildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosatining amaldagi ifodasidir. Zero, xotira bor joyda — qadr bor, qadr bor joyda esa inson sha’ni ulug‘lanadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA