Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Paxtakor tumanida bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning xavfsizligi va munosib hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Tuman "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi bolalarni himoya qilish shu’basi tomonidan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga fuqarolik pasportini olishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, alohida e’tiborga muhtoj bolalarning yashash sharoiti o‘rganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Ota-onalar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.
***
Jizzax shahridagi Yoshlar mahallasida "Qizlar tarbiyasi – millat tarbiyasi" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, mahalla xotin-qizlar faoli, "Buvijonlar maktabi" rahbari hamda "Oqila ayollar" harakati a’zosi ishtirok etdi.

Muloqotda qizlarning odob-axloqi, milliy qadriyatlarga hurmati, oiladagi tarbiya va ma’naviyatning o‘rni xususida so‘z yuritildi. Yoshlarni bilimli, odobli, ma’naviyatli va mustaqil fikrlaydigan insonlar etib tarbiyalash muhimligi ta’kidlandi.

Bunday uchrashuvlar milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va barkamol avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.
***
Baxmal tumanidagi Baxmal mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va mavjud muammolarga amaliy yechim topish maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Respublika ishchi guruhi a’zosi Erkin O‘ralov, tuman hokimligi, mas’ul tashkilotlar rahbarlari, tijorat banklari vakillari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tadbirkorlarning kredit, yer va bino-inshootlar, infratuzilma, elektr energiyasi, gaz, suv hamda kadastr bilan bog‘liq murojaatlari tinglandi. Muammolarni hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlarga qonunchilikdagi imtiyoz va imkoniyatlar, soliq yengilliklari hamda huquqiy kafolatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Uchrashuvda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
***
Zomin tuman axborot-kutubxona markazida fondga yangi kelib tushgan nashrlar asosida "Yangi adabiyotlar – yangi kashfiyotlar" nomli kitob ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda badiiy asarlar, ilmiy-ommabop nashrlar va turli mavzulardagi adabiyotlar kitobxonlar e’tiboriga havola qilindi.

Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi yangi kitoblar bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish, mutolaaga qiziqishni oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishdan iborat. Zero, har bir kitob yangi bilimlar eshigini ochib, insonni teran mushohada va yangi kashfiyotlar sari yetaklaydi.

***
Do‘stlik tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan tushuntirish tadbiri o‘tkazildi. Unda tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik B. Jo‘rayev ishtirok etdi.

Suhbat davomida is gazidan zaharlanish, zilzila, yong‘in va boshqa xavfli holatlarda xavfsizlik qoidalariga amal qilish, sarosimaga tushmasdan to‘g‘ri qaror qabul qilish hamda zarur vaziyatlarda tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat etish tartibi tushuntirildi.

Bunday profilaktik uchrashuvlar o‘quvchilarning favqulodda holatlarga tayyorligini oshirish, hayot va salomatlikni asrashga oid bilimlarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri