Xitoy – Markaziy Osiyo savdo ko‘rgazmasi: yangi hamkorlik va istiqbollar sari
Toshkentda 2026-yilgi Xitoy – Markaziy Osiyo – O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Xitoy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, ko‘rgazmaning maqsad va vazifalari, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Joriy yilning 14-16-oktabr kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmasi majmuasida bo‘lib o‘tadigan mazkur tadbir Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi tomonidan tashkil etilmoqda. Ushbu ko‘rgazma 2025-yilda ilk bor o‘tkazilgan tadbirning davomi bo‘lib, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, yangi savdo va investitsiya imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, bunday xalqaro maydonlar nafaqat mahsulot va xizmatlarni namoyish etish, balki korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu esa ishtirokchilarga zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish, ishlab chiqarish jarayonlariga ilg‘or yechimlarni joriy etish va yangi bozorlarga chiqish imkonini beradi.
– Ko‘rgazmada Xitoyning 19 ta provinsiyasi, avtonom tumani va markazga bevosita bo‘ysunadigan shaharlaridan kelgan korxonalar ishtirok etadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Azamat Rahimov. – Yopiq ekspozitsiya maydoni 4 ming kvadrat metrni, ochiq maydon esa 800 kvadrat metrni tashkil etadi.
Ko‘rgazma doirasida aqlli ishlab chiqarish, yashil energetika, iste’mol elektronikasi, xizmatlar savdosi va yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi transport vositalariga bag‘ishlangan beshta ixtisoslashtirilgan ekspozitsiya tashkil etiladi. Shuningdek, Xitoyning texnologik yutuqlari, ishbilarmonlik muhiti va an’anaviy madaniyatini namoyish etishga qaratilgan maxsus maydonlar ham ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumanida ikki tomonlama hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Xususan, Xitoy – O‘zbekiston investitsiyaviy hamkorlik forumi, savdo-iqtisodiy muzokaralar va korxonalar o‘rtasidagi B2B uchrashuvlari orqali tadbirkorlarning o‘zaro aloqalarini kengaytirish rejalashtirilgan. Bunday muloqotlar muayyan mahsulot va xizmatlarga bo‘lgan talabni o‘rganish, ishonchli hamkorlar topish va istiqbolli loyihalarni muhokama qilish uchun zamin yaratadi.
– Ko‘rgazma beshta ixtisoslashtirilgan bo‘limga ajratilgan: aqlli ishlab chiqarish, yashil energetika, maishiy elektronika, xizmatlar savdosi va yangi energiya manbalarida ishlaydigan transport vositalari, – deydi Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashining Qozog‘istondagi vakili Lyu Yue. – Ularda Xitoyning ishlab chiqarishni rivojlantirish borasidagi so‘nggi yutuqlari namoyish etilib, mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanish va sanoatni modernizatsiya qilish ustuvor yo‘nalishlariga moslashtirilgan. Shuningdek, “Xitoy imkoniyatlari” milliy imij hududi tashkil etilib, mamlakatning tashqi ochiqlik siyosati natijalari va hududlaridagi qulay biznes muhiti namoyish etiladi.
Qayd etish joizki, 2026-yil Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganiga o‘n yil to‘lishi bilan ham ahamiyatlidir. Shu nuqtai nazardan, savdo ko‘rgazmasi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Umuman, Xitoy – Markaziy Osiyo – O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi mahsulotlar taqdimoti bilan cheklanib qolmay, texnologiyalar almashinuvi, investitsiyaviy muloqot va yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan amaliy hamkorlik maydoni sifatida namoyon bo‘ladi. Unda erishiladigan kelishuvlar va yo‘lga qo‘yiladigan aloqalar ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi istiqbollarni ochishi mumkin.
<iframe width="1331" height="749" src="https://www.youtube.com/embed/OHztaoLN4JA" title="Xitoy – Markaziy Osiyo savdo ko‘rgazmasi: yangi hamkorlik va istiqbollar sari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Nilufar Bozorova, O‘zA