“Safo” mehr ko‘rsatadi
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Safo” bolalar xospisi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
E’tiborlisi, yurtimizda ilk bor mazkur xospis mobil brigadalari uyda yotib qolgan bemor va nogironligi bo‘lgan bolalarga palliativ xizmat ko‘rsata boshladi.
– Sentyabr oyining so‘nggi kunlaridan ikkita mobil brigadamiz orqali viloyatimiz hududlariga chiqib, og‘ir ahvoldagi bolalarga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi “Safo” bolalar xospisi bosh vrachi Saodat Igamova. – Mobil brigada tarkibida shifokor va o‘rta tibbiyot xodimi, ijtimoiy xodim va psixologlar bor. Asosiy vazifamiz – bolalarga uy sharoitida yordam ko‘rsatish, og‘riq va kasallik alomatlarni yengillashtirish, bola hamda unga g‘amxo‘rlik qilayotgan yaqinlari uchun individual yordam rejasini ishlab chiqish va ota-onalarga parvarish ko‘nikmalarini o‘rgatishdan iborat. Nafaqat bemor bolaga, balki zaruratga qarab, uning oila a’zolariga ham psixologik yordam ko‘rsatamiz. Ehtiyoj bo‘lsa, bemorlarga tibbiy uskunalar, moslashtirilgan nogironlik aravachalari va boshqa tibbiy reabilitatsiya vositalari beramiz. Shu paytgacha Urgut, Jomboy, Bulung‘ur va boshqa tumanlardagi 60 nafarga yaqin bolalarga uyida xizmat ko‘rsatishga erishdik. Umuman, bugungi kunda viloyatimizda uyda parvarishlanayotgan 300 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan bola aniqlangan va ularning barchasiga yordam ko‘rsatishni rejalashtirganmiz. Xospis qurilish ishlari yakuniga yetgach, bemor bolalarga shu yerda ham zarur tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Qayd etilishicha, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi har bir bola uchun alohida keys ochadi hamda zarur ijtimoiy xizmatlar va texnik reabilitatsiya vositalarini olishda ko‘maklashadi. Xospis mobil brigadalari soni beshtaga yetkaziladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri