Jinoyatchilikka qarshi kurash yangi bosqichda
Tinchlik va osoyishtalik — har qanday jamiyat taraqqiyotining eng muhim omili hisoblanadi. Fuqarolarning xavfsiz hayot kechirishi, mahallalarda sog‘lom muhitning qaror topishi, yoshlarning kelajakka ishonch bilan intilishi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mustahkam poydevoridir. Shu bois yurtimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida mamlakatimiz hududida joriy yilning 1-iyulidan 31-iyuliga qadar “Xavfsiz va sog‘lom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi o‘tkazilmoqda. Ushbu keng ko‘lamli oylik doirasida Buxoro viloyatida ham huquq-tartibotni yanada mustahkamlash, kriminogen vaziyatni barqaror saqlash va aholi osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar jadal davom etmoqda.
Oylik munosabati bilan Buxoroda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat tashkilotlari va mas’ul idoralar ishtirokida tungi yo‘riqnoma o‘tkazildi. Tadbirda oylik doirasida belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish, har bir mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash hamda profilaktika ishlarini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, oylik tadbirlarini muvofiqlashtirish maqsadida viloyat, shahar va tumanlarda maxsus shtablar tashkil etilgan bo‘lib, barcha kuch va vositalar yagona reja asosida safarbar etilgan.
Dastlabki natijalar amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, 1–6-iyul kunlari mobaynida viloyat hududida qotillik, bosqinchilik, bezorilik hamda avtomashina olib qochish kabi o‘ta og‘ir jinoyatlarning sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan 12 nafar shaxs ushlanib, bedarak yo‘qolgan 10 nafar fuqaro topildi.
Giyohvandlikka qarshi kurash yo‘nalishida ham salmoqli natijalar qayd etildi. Tezkor tadbirlar davomida qariyb 2 kilogramm giyohvand modda, 22 ming 594 dona psixotrop dori vositasining noqonuniy muomalaga kiritilishi barvaqt bartaraf etildi. Shu bilan birga, tarkibida giyohvand moddalar saqlovchi 118 tup o‘simlik aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida amalga oshirilgan profilaktik ishlar natijasida 117 ta jinoiy va 823 ta ma’muriy huquqbuzarlikning oldi olindi. Axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurash doirasida 22 ta kiberjinoyat fosh etildi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalari hisobida turgan 600 nafarga yaqin shaxs davolash muassasalariga joylashtirildi. Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan 15 nafar fuqaro Reabilitatsiya markaziga yuborildi. Probatsiya hisobida turgan 4 ming 700 nafardan ortiq shaxs bilan esa manzilli profilaktik ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Ijtimoiy profilaktika ob’ekti sifatida ro‘yxatga olingan 2 ming 981 nafar fuqaroning muammolari o‘rganilib, ularga berilgan xulosalar asosida amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu esa huquqbuzarliklarning oldini olishda ijtimoiy yondashuv muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.
Yo‘riqnoma davomida huquq-tartibot idoralari, mutasaddi tashkilotlar va “mahalla yettiligi” vakillariga aniq vazifalar belgilab berildi. Avvalo, uyma-uy yurib, mahallalarda kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har bir omilni aniqlash va uni zudlik bilan bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ishsiz fuqarolarni, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni bandlikka jalb qilish, oilaviy nizolarning oldini olish, ijtimoiy profilaktika ob’ekti hisoblangan shaxslarning muammolarini hal etish barcha mas’ullar uchun ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Ta’kidlanganidek, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki mahalla, davlat tashkilotlari va keng jamoatchilikning hamkorligida amalga oshirilgandagina yuqori samara beradi. Shu bois har bir oila, har bir ko‘cha, har bir mahallada profilaktika ishlarini izchil tashkil etish, fidoyilik va mas’uliyat bilan yondashish barcha rahbarlar hamda soha xodimlarining kundalik faoliyatiga aylanishi lozimligi alohida qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining
birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i Botir Qudratxo‘jayev hamda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasidagi chora-tadbirlar 1-avgustga qadar izchil davom ettiriladi. Eng muhimi, ushbu sa’y-harakatlar har bir mahallada tinchlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish va aholi uchun xavfsiz hayot muhitini yaratishga xizmat qilib, Yangi O‘zbekistonda inson qadri va jamoat xavfsizligi eng oliy qadriyat ekanini yana bir bor amalda namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri