Jinoyatchilikka qarshi kurash va jamoat xavfsizligi nazoratda
Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, mas’ul rahbarlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va idoralar vakillari, korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida viloyat prokurori Azamat Mirzayevning hisoboti tinglandi. Unda Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha erishilgan natijalar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi. Ta’kidlanishicha, joriy yilning birinchi choragi davomida jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida bir qator amaliy ishlar bajarilgan.
Xususan, viloyat bo‘ylab 400 dan ortiq “namunaviy xavfsiz ko‘cha”, 280 ga yaqin “xavfsiz uy” tashkil etilgan. Shuningdek, 1000 dan ziyod videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan, 4 ming 800 ga yaqin ob’ekt texnik qo‘riqlov tizimiga olingan. Joylarda 400 dan ortiq tashvish tugmasi va 700 dan ziyod domofon tizimlari ishga tushirilgani ma’lum qilindi.

Biroq tadbirda ayrim ko‘rsatkichlar amaldagi real holatni to‘liq aks ettirmayotgani alohida qayd etildi. Jumladan, avvalgi yillarda o‘rnatilgan ba’zi videokameralar joriy yil hisobotlariga qayta kiritilgani, ayrim loyihalar esa to‘liq yakunlanmagan holda bajarilgan deb ko‘rsatilgani tanqid qilindi. Bu holat hisobot tizimida shaffoflik va aniqlikka e’tiborni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilishi lozim bo‘lgan domofonlarning bir qismi faqat hisobotlarda bajarilgan sifatida qayd etilgan, xolos. Natijada minglab ko‘p qavatli uylar va yuz minglab aholi xonadonlari hali ham to‘liq zamonaviy xavfsizlik tizimi bilan ta’minlanmagan. Texnik qo‘riqlov tizimi bo‘yicha ham belgilangan vazifalar to‘liq ijro etilmagani qayd etildi.

Yig‘ilishda “qizil toifa”ga kiritilgan 100 dan ortiq mahallalardagi vaziyat ham alohida muhokama qilindi. Ularning aksariyatida kriminogen holat hali ham og‘ir saqlanib qolayotgani, ayrim hududlarda esa bir necha yil davomida sezilarli ijobiy o‘zgarish kuzatilmayotgani ta’kidlandi.
Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida ham ayrim yo‘llarda transport oqimi keskin ortib borayotgani, infratuzilma yetishmasligi sababli yo‘l-transport hodisalari xavfi yuqori darajada saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Yakunda jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish hamda mahallalarda barqaror va xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha barcha mas’ul idoralar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
A.Musayev, O‘zA