Pillachilik – daromad manbai
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Birlashgan Dehqonobod” MMTP hududida joylashgan “Keskanyor oq oltin” fermer xo‘jaligining ilg‘or pillakori Malika Tohirovaning quvonchi cheksiz. U xonadonida 4 quti ipak qurti parvarishlamoqda. Ayni kunlarda ipak qurtlari pilla o‘rash bosqichiga kirgan.
Pillachilik bilan o‘n yildan ortiq vaqtdan buyon shug‘ullanib kelayotgan Malika Tohirova joriy yilda 300 kilogramm hosil olishni maqsad qilgan. U har yili shartnomaviy rejani birinchilardan bo‘lib bajarib kelmoqda. Shuningdek, 0,40 sotix maydondagi tut plantatsiyasidan samarali foydalanmoqda.
Tumanning Dahiyakota mahallasida yashovchi kasanachi Marhabo Ahmedova ham xonadonida 2 quti ipak qurti parvarishlab, qo‘shimcha daromad olmoqda.
Bo‘yog‘on mahallasida istiqomat qiluvchi Sohibjon Qo‘chqorov xonadonida esa 2 quti ipak qurti parvarishlanmoqda. Yaqin kunlarda bu yerda ham pilla o‘rash jarayoni boshlanadi.
Ipak qurti parvarishi yuksak mas’uliyat, sabr va aniq agrotexnik qoidalarga amal qilishni talab etadi. Shu maqsadda tumanda jami 3970 quti ipak qurti parvarishiga alohida e’tibor qaratilgan. Shundan 2500 quti fermer xo‘jaliklarida, 1470 quti esa kasanachilar tomonidan parvarishlanmoqda. Joriy yilda tuman bo‘yicha 238 tonna pilla hosili olish rejalashtirilgan.
[gallery-29216]
Pillachilik tumanda aholi, ayniqsa xotin-qizlar bandligini ta’minlashda muhim manbaga aylangan. Joriy yilda ushbu soha orqali 1985 nafar xotin-qiz bandligi ta’minlanmoqda.
Viloyat hokimi rahbarligidagi ishchi guruh Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Namangan ilmiy tajriba stansiyasida bo‘lib, ipak qurti parvarishi jarayoni bilan tanishdi hamda zarur tavsiyalar berdi.
Shuningdek, stansiyada mahalliy va xorijiy yumshoq bug‘doy navlarining ekologik sinov ko‘chatzorida 42 xil nav parvarishlanmoqda. Kasallik va zararkunandalarga chidamli, yuqori hosildor navlar tanlab olinib, fermer va dehqon xo‘jaliklariga tavsiya etilmoqda. Institut bilan hamkorlikda yuqori avlodli urug‘liklar yetishtirilib, urug‘chilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklarga yetkazib berilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA