Shirinda zamonaviy tibbiyot bo‘limi ishga tushdi
Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Shahar tibbiyot birlashmasi tarkibidagi yuqumli kasalliklar bo‘limi tubdan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy talablar asosida qayta jihozlangan holda foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida shahar hokimi Dilfuza Qambarova, hamkor tashkilotlar vakillari, viloyat sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari hamda soha fidoyilari ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, ayniqsa, yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi samarali kurashish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhitini, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
2 milliard 300 million so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida bo‘lim binosi mutlaqo yangicha qiyofa kasb etdi. Muolaja va yordamchi xonalar zamonaviy tibbiyot standartlari asosida jihozlanib, sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan sharoitlar yaratildi. Bemorlar uchun qulaylik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida har bir xonada zarur infratuzilma shakllantirildi.

Ayniqsa, xalqaro tajriba asosida infeksiyalarning tarqalishini cheklashga qaratilgan ichki rejalashtirish yechimlari qo‘llanilgani ahamiyatlidir. Bu esa bemorlarni alohida joylashtirish, tibbiyot xodimlari uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish hamda davolash jarayonlarini samarali tashkil etish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Shuningdek, "ACWA Power" kompaniyasi ko‘magida bo‘lim zamonaviy yumshoq va qattiq jihozlar bilan ta’minlandi. Bu esa tibbiyot muassasasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Yangilangan bo‘lim 10 ta alohida xonadan iborat bo‘lib, ularning 5 tasi ikki o‘rinli, 5 tasi bir o‘rinli tarzda tashkil etilgan. Umumiy sig‘imi 15 o‘rinni tashkil etuvchi mazkur bo‘lim yuqumli kasallikka chalingan bemorlarni izolyatsiya qilish, kasallik tarqalishining oldini olish va har bir bemorga individual yondashuv asosida xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
– Yangi bo‘lim, unda yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar nafaqat oldingidan tubdan farq qiladi, balki hududda yuqumli kasalliklarni erta aniqlash, ularni zamonaviy usullar asosida davolash hamda epidemiologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi yuqumli kasalliklar bo‘limi mudiri Umid Sharifjonov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri