JCHda porlagan 18 yoshli Buaddi “Manchester Siti”ga o‘tmoqda
RMC Sport jurnalisti Fabris Xokinsning xabar berishicha, tomonlar transferning asosiy shartlari bo‘yicha kelishuvga erishgan.
“Manchester Siti” transfer bozorida katta sarmoya talab qiladigan yana bir kelishuvni amalga oshirishga yaqin. Angliya klubi “Lill”ning 18 yoshli yarim himoyachisi Ayyub Buaddini o‘z safiga qo‘shib oladi.
RMC Sport jurnalisti Fabris Xokinsning xabar berishicha, tomonlar transferning asosiy shartlari bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bonuslar bilan birga bitim qiymati 100 million yevroga yetishi mumkin. Fabrisio Romano ham ikki klub o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganini ma’lum qilgan.
Futbolchining o‘zi uchun ham Manchesterga ko‘chib o‘tish masalasi deyarli hal bo‘lgan. Buaddi “shaharliklar” bilan shaxsiy shartnoma shartlarini oldindan kelishib olgan, “Lill” esa uning transferiga rozilik bildirgan.
Agar bitim yakunlansa, fransuz klubi o‘z tarixidagi eng yirik savdoni amalga oshiradi. “Manchester Siti” esa yozgi transfer kampaniyasi davomida markaziy chiziqni yosh va istiqbolli futbolchi bilan kuchaytiradi.
Buaddi o‘tgan mavsum Fransiya chempionatida 30 marta maydonga tushib, bitta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Shu uchrashuvlarda u 7 ta sariq va bir marta qizil kartochka olgan.
Yosh bo‘lishiga qaramay, yarim himoyachi xalqaro miqyosda ham tajriba to‘plashga ulgurdi. U 2026-yilgi Jahon chempionatida Marokash milliy jamoasi safida beshta uchrashuvda ishtirok etdi.