“Barselona” Portugaliya terma jamoasi futbolchisi bilan shartnoma imzolamoqchi
Mundo Deportivo Now Canal ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 24 yoshli markaziy himoyachiga qiziqish Jyul Kunde va Aleks Baldening kelajagi bilan bog‘liq.
“Barselona” himoya chizig‘ida yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kataloniya klubi “Sporting” va Portugaliya terma jamoasi futbolchisi Gonsalu Inasuni transfer variantlari qatoriga qo‘shgan.
Mundo Deportivo Now Canal ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 24 yoshli markaziy himoyachiga qiziqish Jyul Kunde va Aleks Baldening kelajagi bilan bog‘liq. Ulardan biri yoki har ikkisi jamoani tark etadigan bo‘lsa, “Barselona” Inasu transferi bo‘yicha amaliy harakatlarni boshlashi mumkin.
Portugaliyalik futbolchini Lissabondan olib ketish uchun katta mablag‘ talab etiladi. Uning “Sporting” bilan 2030-yil yozigacha mo‘ljallangan shartnomasida 60 million yevrolik tovon puli mavjud. Transfermarkt esa himoyachining ayni paytdagi bozor qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.
Inasu o‘tgan mavsum “Sporting”ning asosiy futbolchilaridan biri bo‘ldi. U barcha musobaqalarda 46 ta uchrashuv o‘tkazib, 3 ta gol urdi va yana shuncha golli uzatmani amalga oshirdi.
Himoyachi Portugaliya milliy jamoasida ham muntazam o‘ynab kelmoqda. Hozirgacha terma jamoa libosida 22 marta maydonga tushgan Inasu ikki bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan.