Jasorat maktabida toblanayotgan yoshlar
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlash, hayotiy hamda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘inlari muntazam tashkil etilmoqda.
FOTOREPORTAJ
Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyida Surxondaryo viloyatida to‘rt marotaba ana shunday o‘quv yig‘ini o‘tkazilib, 400 nafarga yaqin yosh qamrab olindi. Ular 10 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitildi.
Navbatdagi yig‘inda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidan kelgan 32 nafar yosh ishtirok etdi. O‘quv yig‘ini Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda tashkil etildi.
Yig‘in davomida ishtirokchilar harbiy-amaliy mashg‘ulotlar, sport musobaqalari hamda ekstremal sharoitlarda harakatlanish va yashovchanlik bo‘yicha amaliy tayyorgarlikdan o‘tdi. Termiz harbiy poligonida amaliy otish va chavandozlik mashg‘ulotlari ham tashkil etildi.
Yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish maqsadida Surxondaryoning tarixiy-madaniy maskanlariga sayohatlar uyushtirildi. Ular Al Hakim at-Termiziy va Sulton Saodat ziyoratgohlari, Arxeologiya muzeyiga tashrif buyurib, vohaning boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishdi. Shuningdek, Termiz xalqaro savdo markazi, Monomarkaz va IT markazi faoliyati bilan tanishdilar.
[gallery-31820]
Yig‘in dasturidan yoshlar bilan ochiq muloqotlar ham o‘rin oldi. Xususan, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Taxiatosh tumanidan kelgan yoshlar bilan uchrashib, ularning yig‘indan olgan taassurotlari, qiziqishlari va kelgusidagi rejalari bilan qiziqdi. Suhbat davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, “Hokim va yoshlar”, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, madaniy-musiqiy dasturlar, milliy taomlar tanlovi va sport musobaqalari tashkil etildi. “Men Surxondaryoga kelib nima oldim?” mavzusida insholar tanlovi ham o‘tkazildi.
“Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inining tantanali yopilish marosimida ishtirokchilarning yig‘in davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari sarhisob qilindi. Faol yoshlarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.
Mazkur o‘quv yig‘ini yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni jismonan chiniqtirish, amaliy ko‘nikmalarini oshirish va kelgusi hayoti uchun zarur bilimlarni egallashiga xizmat qildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA