Dozorli epidemiologik nazorat tizimining barqarorligi – pandemik tayyorgarlikning asosi
Joriy yilning 6–8-oktabr kunlari Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining Pandemik grippga tayyorgarlik ko‘rish mexanizmi 15 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillari ham qatnashmoqda. Xususan, Qo‘mitaning Epidemiologiya va yuqumli kasalliklar profilaktikasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Qurbonbekov hamda Virusologiya laboratoriyasi mudirasi Sultana Jemilova ushbu anjumanda ishtirok etmoqda.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad — epidemiologik nazoratni yanada kuchaytirish, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish tizimini mustahkamlash hamda mazkur sohada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan iborat.
Yig‘ilish davomida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi mutaxassislari «Dozorli epidemiologik nazorat tizimining barqarorligi — pandemik tayyorgarlikning asosi» mavzusida maxsus ma’ruza bilan qatnashib, O‘zbekiston tajribasi va amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA