Janubiy Koreya - “Yonhap” diqqat markazida
Janubiy Koreya - AQSH ittifoqi kelajagi, mamlakat ichidagi sud-huquq islohotlari, prezidentning siyosiy bayonoti va milliy harbiy sanoatdagi yangi yutuqlar axborot hamkorimiz - “Yonhap” nigohida.
Oq uy rahbari Donald Tramp Koreya urushidagi sulh bitimining 73 yilligi munosabati bilan Vashington va Seul o‘rtasidagi ittifoq mustahkamligicha qolayotganini ta’kidladi. U ikki davlat hamkorligini Hind-Tinch okeani mintaqasida tinchlik va barqarorlikning asosiy ustunlaridan biri deb atadi. Shuningdek, kommunizm tahdidi hanuz saqlanib qolayotganini aytib, Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilarini himoya qilishda qat’iy pozitsiyasini davom ettirishini bildirdi.
Ayni paytda Janubiy Koreya bosh prokurori prokuraturaning tergov vakolatlarini bekor qilish haqidagi qonun loyihasidan jiddiy xavotir bildirdi. Uning fikricha, bunday o‘zgarishlar jinoyatlarni to‘liq ochish imkoniyatini cheklab, huquqni muhofaza qilish tizimi samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Huquqshunoslar, jabrlanuvchilar manfaatini himoya qiluvchi tashkilotlar ham mazkur tashabbusga ehtiyotkorona yondashishga chaqirmoqda. Hujjat parlamentda yaqin kunlarda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Prezident Li Chje Myon esa mamlakat konstitutsiyasiga ehtimoliy o‘zgartishlar kiritilsa ham, ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qildi. Davlat rahbarining ma’muriyati bu masala bo‘yicha turli siyosiy bahslarga nuqta qo‘yishga chaqirdi. Rasmiylar mamlakat oldidagi asosiy vazifa iqtisodiyotni tiklash va aholi turmushini yaxshilash ekanini urg‘uladi.
Janubiy Koreya KF-21 qiruvchi samolyotini yaratish loyihasini rasman yakunladi. Qariyb o‘n yil davom etgan dastur qiymati 8,8 trillion vonni tashkil etdi. Ilk uchoq sentabr oyida harbiy-havo kuchlariga topshirilishi rejalashtirilgan. 2032-yilga qadar mamlakat armiyasiga jami 120 ta KF-21 yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA