Eron Ukrainadan tovon talab qildi
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga 28-iyul kuni o‘zining “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida eronlik hamkasbi Abbos Araqchi bilan telefon orqali muloqot qilganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Ukrainaning barcha harbiy harakatlari faqatgina Rossiya tajovuzidan himoyalanishga qaratilgan bo‘lib, Kiyev hech qachon tinch aholi yoki fuqarolik kemalarini nishonga olishni maqsad qilmagan.
Ukraina diplomati Eronni vaziyatni keskinlashtiruvchi xatti-harakatlardan tiyilishga hamda RFni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirdi. O‘z navbatida, Abbos Araqchi ham ushbu suhbat yuzasidan munosabat bildirdi. U Islom Respublikasi vaziyatning murakkablashishi tarafdori emasligini, lekin o‘z fuqarolari yoki manfaatlariga qarshi qilingan har qanday hujumni qabul qila olmasligini ta’kidladi va yetkazilgan zarar qoplanishini talab qildi.
Eslatib o‘tamiz, 25-iyul kuni Eron Kaspiy dengizidagi o‘z savdo kemasiga uyushtirilgan hujumda Ukrainani ayblagan edi. Tehron ma’lumotiga ko‘ra, kemadagi portlash oqibatida bir dengizchi halok bo‘lgan, yana biri esa jarohat olgan. Eron Tashqi ishlar vazirligi ushbu hodisani BMT nizomining buzilishi deb baholab, mamlakat Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizoga aloqador emasligini bildirgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA