Jan-Filip Mateta FIFAdan «Kristal Pelas» bilan shartnomasining bir yilini bekor qilishni talab qilmoqda
Hujumchisi Jan-Filip Mateta klub bilan shartnomasining so‘nggi yilini haqiqiy emas deb hisoblamoqda.
«Kristal Pelas» hujumchisi Jan-Filip Mateta klub bilan shartnomasining so‘nggi yilini haqiqiy emas deb topishni talab qilmoqda. Fransiyalik futbolchi bu masala bo‘yicha FIFAga ham murojaat qilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
29 yoshli futbolchi 2027-yil iyunigacha amal qiladigan shartnomasining so‘nggi 10 oyini bekor qilishni so‘ramoqda. Mateta 2021-yilda «Mayns»dan dastlab ijara asosida «Kristal Pelas»ga o‘tgan. 2022-yil yanvarida London klubi futbolchining transferini to‘liq sotib olib, u bilan 4,5 yillik shartnoma imzolagan va yana bir mavsumga uzaytirish opsiyasini qo‘shgan.
2024-yilda «Kristal Pelas» ushbu opsiyani faollashtirgan. Biroq Mateta qo‘shimcha bir yil haqiqiy emas deb hisoblamoqda.
Uning ishi APL qoidalari doirasidagi mustaqil tribunalda ham ko‘rib chiqilgan, biroq shartnoma amalda qolgan. Shundan so‘ng futbolchi FIFAga murojaat qilgan. Tashkilot esa bu masala o‘z yurisdiksiyasiga kirmasligini bildirgan.
Mateta «Kristal Pelas» safida 67 ta gol urgan. U jamoa bilan Angliya Kubogi va Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqqan.
Joriy yil yanvarida hujumchi «Kristal Pelas»ni tark etishga urinib, «Milan»ga o‘tishga yaqin kelgandi. Biroq transfer uning tizzasidagi muammo sabab amalga oshmagan.
Mateta yaqinda Fransiya terma jamoasi safida jahon chempionatida ham ishtirok etdi.