«Manchester Yunayted» Alexandro Balde transferini ko‘rib chiqmoqda
«Qizil iblislar» vakillari allaqachon Baldening agenti Jorje Mendesh bilan bog‘lanib, ehtimoliy transfer shartlari haqida ma’lumot so‘ragan.
«Barselona»ning chap qanot himoyachisi Alexandro Balde hamon «Manchester Yunayted»ning transfer maqsadlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
22 yoshli futbolchining klubdan ketishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar so‘nggi kunlarda yanada kuchaydi. Shu mish-mishlar fonida «Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik Baldeni La Liganing yakshanba kungi uchrashuvi qaydnomasiga kiritmadi va unga «uyda qolib, biroz boshini tinchitib olishni» tavsiya qildi.
Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, «Manchester Yunayted» vakillari allaqachon Baldening agenti Jorje Mendesh bilan bog‘lanib, ehtimoliy transfer shartlari haqida ma’lumot so‘ragan.
Transfermarkt ekspertlari 22 yoshli ispaniyalik futbolchining bozor qiymatini 50 million yevroga baholamoqda.