Gabriel Martinelli «Arsenal»dan ketishga yaqin
Manbaga ko‘ra, Martinellining o‘zi ham Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishga tayyor.
Londonning «Arsenal» klubi vingeri Gabriel Martinelli jamoani tark etishga yaqin. Braziliyalik futbolchi bo‘yicha «Al-Hilol» bilan muzokaralar olib borilmoqda. Saudiya klubi 25 yoshli futbolchi uchun qariyb 58 million yevro to‘lashga tayyor.
Manbaga ko‘ra, Martinellining o‘zi ham Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishga tayyor. «Arsenal» esa futbolchiga yangi mavsum tarkibida uning uchun joy yo‘qligini ma’lum qilgan.
Avvalroq Martinelli Turkiyaning «Galatasaroy» klubiga o‘tish variantini rad etgandi.
Braziliyalik vinger «Arsenal» safida yetti yil davomida 278 ta uchrashuvda maydonga tushib, 62 ta gol urdi va 36 ta golli uzatma amalga oshirdi.
«Al-Hilol» avvalroq «Chelsi» vingeri Pedro Netoni ham qo‘lga kiritishga harakat qilgandi. Biroq London klubi 115 million yevrodan yuqori narx talab qilgani sababli Saudiya klubi bu transferdan voz kechishga majbur bo‘lgan.