Jahon chempionati oldidan yana 3 nafar futbolchida jarohat aniqlandi
Neymar yaxshi shug‘ullanmoqda va ishtiyoqi baland.
1) «Bolonya» va Shvetsiya terma jamoasi himoyachisi Emil Xolm jarohati sabab JCH-2026 ni o‘tkazib yuboradi. Bu haqda Shvetsiya futbol assotsiatsiyasi rasmiy sayti xabar berdi. Xolm mushaklaridan jarohat olgan va bir necha haftaga safdan chiqqan. «Skandinaviyaliklar» qaydnomasida uning o‘rnini «Dallas» klubi a’zosi Xerman Yoxansson egallaydi.
2) «Napoli» va Shotlandiya terma jamoasi yarim himoyachisi Billi Gilmor Kyurasaoga qarshi (4:1) o‘rtoqlik uchrashuvida jarohat oldi. The Athletic nashrining xabar berishicha, futbolchi bahsning 42-daqiqasida zaxiraga olingan.
3) Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti hujumchi Neymarning jarohati va uning jamoadagi kelajagi haqida fikr bildirdi:
«Terma jamoa yig‘inidan avval „Santos“ klubidan futbolchida kichik muammo borligi haqida ma’lumot olgan edik. U bunga loyiq bo‘lgani uchun ham tarkibga jalb etildi.Uning tez orada sog‘ayib, safga qaytishiga ishonamiz. Neymar yaxshi shug‘ullanmoqda va ishtiyoqi baland. U to‘liq tiklanib, o‘yinlarga tayyor bo‘lguniga qadar ixtiyorimizda qoladi. Futbolchi birinchi yoki ikkinchi uchrashuvga shay bo‘lishini kutyapmiz. Qaydnomaga hech qanday o‘zgartirish kiritmasligimizga shubham yo‘q. Ixtiyorimizda 26 nafar futbolchi bor», - dedi Anchelotti.